SSV: Vazir JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

SSV: Vazir JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasidagi ishtiroki doirasida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan uchrashdi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda tashkilot bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanyapti. Xususan, 2019 yil sentyabr oyida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge 2020 yil 10 fevral kuni o‘zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini byuroga a’zo 53 davlat orasida aynan O‘zbekistondan boshlagani ham buning tasdig‘i.

Pandemiya davrida JSST ko‘magida mamlakatimizga SOVID-19 ga qarshi vaksina, tibbiy jihoz va preparatlar keltirilishi, tashkilot tomonidan kasallikni davolash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar minglab yurtdoshlarmiz hayotini saqlab qolish imkonini berdi.

Muloqotda asosiy e’tibor mamlakatimizda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida amalga oshirilayotgan yangilanishlarning ahamiyati, samaradorligi va istiqbollari muhokamasiga qaratildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasi va olis hududlar aholisi salomatligini yanada yaxshilash borasidagi ishlar hamda ularning natijalari haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, keyingi davrda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro standartlar darajasida transformasiya qilishga kirishilgan. Buning natijasda tibbiyot xalqqa yanada yaqinlashib, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar qamrovi va sifati oshib boryapti.

Xususan, 2021 yil iyul oyidan Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etila boshlangan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi o‘zini oqladi va navbatdagi bosqichda bu ilg‘or usul yurtimizning boshqa hududlarida ham ommalashtirilyapti.

Qolaversa, O‘zbekiston JSST bilan hamkorlikda noinfeksion kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, onalar va bolalar salomatligi ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasida ham JSST tavsiyalariga qat’iy amal qilmoqda.

Chunonchi, mamlakatimizda “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish imkoniyatlarini yaxshilash” loyihasi doirasida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilyapti.

Tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” butun mintaqa, shu jumladan respublikamizda koronavirus oqibatlari va asoratlarini bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Binobarin, hujjatdan global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq chora-tadbirlar o‘rin olgani ham e’tiborga molik.

O‘z navbatida, X. Klyuge yurtimiz tibbiyotini transformasiya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida yaqin davrda O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.

‼️ Yakunda JSST Yevropa byurosi ekspertlarini mamlakatimizda “Sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish” strategiyasini ishlab chiqishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!