SSV: Milliy tibbiyot markazi xalqaro sifat sertifikatiga ega bo‘ldi
Yangi O‘zbekiston tibbiyoti bosqichma-bosqich transformasiya qilinishi natijasida so‘nggi yillarda yurtimizdagi qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘z faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib bormoqda.
Bugun ular soni yana bittaga ko‘paydi. Milliy tibbiyot markaziga ISO 9001:2015 xalqaro sifat standartlarini joriy etganligi munosabati bilan ASTRAIA Certification, s.r.o. tashkiloti tomonidan maxsus sertifikat topshirildi.
Shu yil boshida ishga tushirilgan markaz tibbiyotimizning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan. 500 o‘ringa mo‘ljallangan majmuada 200 ga yaqin turdagi 1000dan ziyod ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, ambulator va stasionar tartibda 200dan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Bu yerda yiliga 6 mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratilgan.
Tibbiyot muassasasi Xitoy, Hindiston, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Eslatib o‘tamiz, ISO 9001 sifatni yaxshilash va mijozlarning talablariga javob berishda xalqaro e’tirof etilgan standart bo‘lib, markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.