Saudiya tarixidagi eng katta xellouin nishonlanishi nimadan darak?
Bu yil Saudiya Arabistonida mamlakat tarixidagi eng katta va uzun xellouin kechalari tashkil qilindi. Gap shundaki, 1932 yilda Saudiya Arabistoni qirolligi tashkil etilganidan buyon mamlakat podshohlari o‘zining hashamatga ishqibozligi bilan ajralib turgan bo‘lsa, 2015 yil 23 yanvarda – Salmon ibn Abdulaziz Al-Saud taxtni egallaganidan so‘ng, yana-da ajablanarli manzaraning guvohi bo‘lyapmiz. Aniqrog‘i, 2022 yilda qirol Salmonning yettinchi o‘g‘li va taxt vorisi shahzoda Muhammad bosh vazir etib tayinlangach, qirollikda Islomga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, ildizi butparastlik va boshqa madaniyatlarga borib taqaluvchi g‘arbona "bayram"larga ham ruxsat berildi.
2022 yildan boshlab Saudiyada rasman nishonlanadigan ushbu "shaytoniy marosim" butun dunyo musulmonlarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, xellouinni nishonlash uchun Ar-Riyodda qirollikning ko‘ngilochar shtab-kvartirasi homiyligida uch kunlik festival tashkil etilgan. Tadbir mehmonlari dahshatli tematik liboslarda kiyinishgan. U yerda qonli qiyofalar, turli ko‘rinishdagi maxluqlar va yirtqich hayvonlar, dahshatli filmlar qahramonlari hamda yovuz ruhlar niqobidagi ko‘pgina "bayram" ishtirokchilari yig‘ilgan.
Biroq kuzatuvchilar ushbu kechani o‘tkazish uchun sarflangan mablag‘lar va g‘arbona hayot tarziga moyillik uchun Saudiya Arabistoni hukumatini maqtashmadi. Aksincha, tanqidchilar bu holat nafaqat musulmonlar qadriyatlariga yot "bayram"ni nishonlash, balki G‘arb an’analarida mavjud bo‘lgan o‘lim va nekrofiliya kultini ommalashtirish ekanligini aytib o‘tishgan.
Yana ba’zilar "Qora shahzoda"ning "kelgusida qirollik mo‘’tadil Islomga qaytishi va asta-sekin G‘arb yo‘lidan yurib, mamlakat modernizasiya qilinishi" haqidagi so‘zlarini esga olgan. Tahlilchilar, aynan uning sa’y-harakatlari tufayli arab ayollarining mashina haydashiga, stadion va kinoteatrlarga borishlariga, kazinolar va qutb raqslarida ishtirok etishiga ruxsat berilganini qo‘shimcha qilishgan. "Mana nihoyat shahzoda bin Salmonning tashabbusi tufayli qirollikda har yili xellouin nishonlanadigan bo‘ldi", deyiladi bu haqdagi xabarlarda.
Xo‘sh, xellouin qanday "bayram"?
Yuz yillar oldin Yevropaning katta hududlarida kelt qabilalari yashagan (hozirda ularning avlodlari – Irlandiya, shuningdek, Buyuk Britaniya tarkibiga kiruvchi Shotlandiya va Uelsda yashaydi). Ular butparast edilar va tabiatning turli elementlariga sig‘inishardi.
Keltlar oktyabr oyining oxirida dala ishlarini tugatib, hosilni yig‘ib olishgan. Bu paytda – keyingi tabiiy sikl tugagach, ular yangi yilning boshlanishini nishonlaganlar.
Keltlar bu paytda o‘liklar hukmdorligining eshiklari ochilib, boshqa dunyo kuchlari va hayotdan ko‘z yumganlarning ruhlari yerga keladi, deb ishonishgan. Ularning botil aqidasiga ko‘ra, odamlar o‘zlariga zarar yetmasligi, yovuz ruhlar uni tanimasligi uchun turli xil qo‘rqinchli liboslar va niqoblar kiyish kerak bo‘lgan.
Bayramning yana bir timsoli olov bo‘lib, bu vaqtda ko‘chalarda gulxanlar yoqilgan va odamlar uning alangasini kesib o‘tishgan. Bugungi kunga kelib, ichiga sham yoqilgan "qovoq bosh" ham ushbu "bayram"ning ramzi hisoblanadi.