“O‘zbekkosmos” agentligi faoliyatiga oid yangi hujjatlar mohiyati tushuntirildi
AOKAda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi mas’ul xodimi Nodirbek Muqimov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967 yil 27 yanvar) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun imzolandi.
Shartnomaga qo‘shilish O‘zbekiston uchun bir qator xalqaro kosmik huquqlarni taqdim etadi. Xususan, hech qanday diskriminasiyasiz kosmik fazo va samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish, ortiqcha to‘siqlarsiz erkin tarzda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, bu borada davlatlararo tenglikka ega bo‘lish, uchirilgan kosmik ob’ektlar va ularning ekipajlari ustidan yurisdiksiya hamda nazoratni saqlab qolish, kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali texnologiyalar transferini jadallashtirish kabi ko‘plab normalar shular jumlasidan.
Qonun mamlakatimizning kosmik sohadagi huquqiy tizimi xalqaro umume’tirof etilgan prinsiplar va normalarga asoslangan holda rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, joriy yilning 14 oktyabr sanasida davlatimiz rahbari “2024 — 2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ham imzo chekdi. Mazkur hujjatda davlat kosmik monitoringining qator ustuvor yo‘nalishlari ya’ni, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, u yerda bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash, o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish, geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash kabi masalalar belgilandi.
Shuningdek, mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlari, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash, suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishi, suv sathi rejimini monitoring qilish, qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlash kabi jihatlar ham e’tiborga olindi.
Farmonga muvofiq, “O‘zbekkosmos” agentligi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi bilan hamkorlikda 2025 yil 1 mayga qadar «Space Gov Monitoring» markazlashgan yagona platformasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar uchun sohaviy tegishliligi bo‘yicha sub-platformalarni yaratishda ishtirok etadi. Davlat kosmik monitoringi doirasida aniqlangan barcha ma’lumotlar mazkur platformaga joylashtiriladi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 martdan boshlab yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil «Geomonitoring» axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.