"Snayper bloger" Ichki ishlar vazirligining loyihasimi?

"Snayper bloger" Ichki ishlar vazirligining loyihasimi?

Kun.uz saytida Snayper bloger nomli telegram kanali tomonidan turli jamoatchilik faollari va OAVlar haqida tuhmat va bo‘xtonlardan iborat noxolis ma’lumotlar tarqatilayotgani haqida xabar qilindi. 

Shu o‘rinda Muxbir Daliyev Kun.uz saytida keltirilgan ma’lumotlar va fikrlar asosli bo‘lish bilan birgalikda anchadan beri ko‘pchilikni ham tashvishga solib kelayotganini bildiradi. Bu kanalda Muxbir Daliyev bilan birgalikda boshqa blogerlar Nurbek Alimov, Zafarbek Solijonov, Mubashshir Ahmad, Fayzbog‘, Eldar Asanov, Nozim Safarov, Qobul Do‘sovlar haqida ham turli uydirmalar tarqatilib, ularni ham obro‘sizlantirishga urinishlar bo‘lgan. Anonim deya ko‘rinayotgan ushbu bo‘xton va uydirmalar bilan shug‘ullanuvchi kanal haqida bizning ham o‘z surishtiruvlarimiz mavjud.  

Ma’lumotlarni ochiqlaydigan bo‘lsak, Snayper bloger kanali yolg‘iz emas. Uning bo‘xton ma’lumotlarini tarqatishga ko‘maklashuvchi hamtovoqlari ham bor. O‘rganishlarimizga ko‘ra, Snayper bloger kanalida e’lon qilingan Muxbir Daliyev haqidagi tuhmat postlar telegram messendjeridagi Inspektor.uz kanalida ham tarqatilgan. Muxbir Daliyev ushbu kanal egalarining kimligi bilan qiziqdi. Olgan ma’lumotlarimiz yanada qiziq. Bu kanalni yurituvchi egalaridan biri Sayfuddin To‘raxo‘jayev bo‘lib chiqdi. Eng qiziq tomoni shuki, ushbu shaxs Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmatida faoliyat yuritishi aniqlandi. Bizda bu bo‘yicha skrinshotli ma’lumotlar ham mavjud va mutasaddilarga bu dalillarni ochiqlashga tayyormiz. 

Jamoatchilik orasida Prezidentning shaffoflik siyosatini yanada ilgari surayotgan, qonun ustuvorligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan faollar, OAV vakillari va blogerlarga nisbatan bo‘layotgan bu pastkashliklar bir guruh qonunbuzar kimsalar manfaati uchun xizmat qilishi tayin. 

OAV va blogerlarga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab tuhmat qilinganligi oddiy huquqbuzarlik emas, balki Jinoyat kodeksi 139-moddasi 3-qismi "a" bandiga asosan jinoiy xatti-harakatdir. Shunday ekan bizning jamiyatda bunday nomaqbul harakatlar javobsiz qolmasligi kerak. Biz jamoatchilikdan ushbu g‘arazli xatti-harakatlarga befarq bo‘lmaslikni so‘rab qolamiz. Masala yuzasidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan esa chora ko‘rilishini talab qilamiz. Biz bu ish doirasida rasmiy ariza bilan murojaat etamiz.

Xurshid Daliyev,
jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!