Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bug‘-gaz elektr stansiyalarini quriladi

Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bug‘-gaz elektr stansiyalarini quriladi

Joriy yilning 14 mart kuni investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qatar Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Hashem bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Sardor Umurzakovning joriy yil fevral oyida Dohaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi. Gap mart oyida ikki davlat o‘rtasida Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 1-yig‘ilishi hamda Toshkentda ikki davlatning qo‘shma biznes-forumini o‘tkazish haqida ketmoqda.

Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida amalda bo‘lgan barcha kelishuvlarning samarali va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, biznes tuzilmalari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, to‘siqlik qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan yechim topish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qator qo‘shma loyihalarni, jumladan Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bug‘-gaz elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, sayyohlik oqimi va o‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadida Qatar Airways tomonidan ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirishga kelishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!