Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qo‘llarini quchoqlab yig‘lagan chol kim edi?
Bu voqea Hazratning hijratga ketgan ilk yillari sodir bo‘lgan ekan. Makkai Mukarramada Butun Dunyo ulamolari kengashining navbatdagi majlisi tugab, Harami Sharifda asr namozini o‘qishib, Madinai Munavvaraga Rosululloh sollolohu alayhi vasallamning ziyoratlariga ketish uchun avtobusga ulamolar birin – ketin joylashibdilar. Hazrat bir yumush bilan biroz kech qolib kelibdilar va avtobusning orqasidan chiqmoqchi bo‘lganlarida bir chol yugurib kelib, Hazratning ikki bilaklaridan mahkam ushlab, bor ovozi bilan xo‘ngrab yig‘lay ketibdi. Hazrat har ne desalar ham, har ne qilsalar ham haligi chol Hazratni mahkam quchoqlab olib, dadasini topib olgan yetimdek, dod solib yig‘layveribdi.
Atrofdagi odamlardan Hazrat hijolat tortibdilar, bir amallab o‘sha keksa otaxonni yupatib, avtobusga chiqibdilar. Hazratni yaqindan tanigan ulamolardan birlari hazil aralash, yana nima bo‘ldi, deya so‘rabdi. Hazrat esa: “Ha, vatandoshlardan ekan”, deb homush tortibdilar. Shunda ulamolardan birlari: “Siz o‘z yurtingizda, o‘z tilingizda Islom ta’limotlarini yetkazib mashhur bo‘lgansiz, bir arab tilida ham kitoblar yozsangiz bo‘lardi. Uni nashr qildirsak arab o‘lkalarida ham mashhur bo‘lib ketardingiz!” debdi. Shunda Hazrat: “Men mashhur bo‘lish uchun emas, xalqimga zarur bo‘lgan narsalarni yetkazish uchun kitob yozaman!” debdilar. Bu suhbatni tinglab o‘tirgan allomalardan birlari Muhummad Qutb rohimahulloh Hazratning gaplaridan ta’sirlanib avtobusdagi ulamolarga yuzlanib: “Bu yigit bilan bizning farqimiz shu yerda, biz mashhurlik uchun yozamiz, bu esa xalqi uchun yozadi!” debdilar va Hazratning o‘zlariga yuzlanib: “Ey yigit! Sen shu aqidangda mahkam tur, albatta najot topasan!” degan ekanlar...
Ha, Hazrat o‘sha aqidada mahkam turdilar va darhaqiqat ko‘p vaqt o‘tmay u zotga Alloh taolo ulkan zafar ato qildi. Bugun o‘sha mashhurlik yo‘lini taklif qilgan kishini ko‘pchilik tanimas, balki. Ammo Hazratga avtobusda taklif qilingan “shuhrat”dan ko‘ra chandon – chandon mashhurlikni Alloh taoloning O‘zi berdi. O‘sha avtobusda mashhurlik uchun taklif qilingan birgina arabcha kitob o‘rniga Islom ta’limotlarining har sohasida ikki yuzga yaqin kitoblar yozish sharafini nasib etdi. Buyuk olimning nasihati barakotidan Hazratning ixlos bilan qilgan xizmatlari ulkan zafar topdi, yozgan tasnifotlari bir necha tillarga tarjima qilinib, ming – minglab insonlarning hidoyatiga mayoq bo‘ldi. Yana o‘sha ixlos bilan sug‘orilgan sobit aqidaning samarisi o‘laroq yozilgan asarlardan foydalangan millat ixtiloflar, janjallar, bo‘linishlar, turli – tuman firqabozliklar girdobida bid’at va xurofotga botishdan najot topdi.
Abdulloh Mustafo Sodiq