Shaxsiy sirimni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, mendan mulk huquqimni talab qilganligi uchun jinoiy javobgarlik bormi?

Shaxsiy sirimni oshkor qilish bilan qo‘rqitib,  mendan mulk huquqimni talab qilganligi uchun  jinoiy javobgarlik bormi?

Savol: Kasbim marketolog, oilali va bir nafar farzandim bor. Talabalik davrimda onamni nomidagi 1 xonali kvartirada dugonam bilan birga yashab yurganimizda bir yigit bilan “ishqiy mojaro” bo‘lib o‘tgandi. Men turmush qurgach dugonam o‘sha kvartirada yashab kelayotgandi. Yaqinda dugonamga kvartirani sotishim mumkinligi haqida ogohlantirdim. Onamni vafotidan so‘ng uyga bo‘lgan yagona mulk huquqi menga o‘tganini bilgani uchun, uyni bo‘shatish o‘rniga talabalik davridagi voqealarni turmush o‘rtog‘imga aytib berishi va internetda audiolarni tarqatish bilan tahdid qilib, buni chiqarmaslik evaziga kvartirani hadya sifatida rasmiylashtirib berishimni talab qilmoqda. Uning bu talabi uchun qonunda qanday javobgarlik va jazo mavjud?

Ismi va manzili sir tutildi

Javob: Eng avvalo aytish joizki, yurtimizda mulk mutlaq daxlsiz hisoblanib, davlat tomonidan qo‘riqlanadi, unga nisbatan har qanday tajovuz qonunga zid deb topiladi.

Ayniqsa, birovni sirini oshkor qilish bilan qo‘rqitib, undan o‘z mulki yoki mulkiy huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish jinoyat kodeksida tovlamachilik sifatida tavsiflanadi va albatta jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining tovlamachilik deb nomlangan 165-moddasiga asosan, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish uchun - uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agarda dugonangizning jinoiy qilmishi bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, buning uchun jinoiy javobgarlik va jazo mavjud bo‘lib, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandiga ko‘ra, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Akrom Aripov,

Oliy sud bosh konsultanti


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!