Serbiyadagi saylovlar: Vuchichni Miloshevich taqdiri kutyaptimi?
25 oktyabr kuni Serbiyada bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarini ko‘pchilik mamlakatning kelgusi yo‘lini belgilab beruvchi referendum sifatida baholamoqda. Prezidentlik lavozimini tark etgan Aleksandar Vuchich o‘zining Serbiya taraqqiyot partiyasi ro‘yxatiga boshchilik qilib, bosh vazir lavozimiga saylanishga harakat qilmoqchi.
«Kelgusi o‘n yilliklarda Serbiya oldida faqat ikki yo‘l bor: Aleksandar Vuchichning avtoritar boshqaruvidan xalos bo‘lish yoki o‘nlab yillar davomidagi qatag‘onlar va diktatura», — dedi DW nashriga siyosatshunos va sosiolog Dushan L. Milenkovich.
Serbiyani uzoq yillar boshqargan siyosatchilar uchun 2000 yil 5 oktyabr voqealari eng og‘riqli siyosiy xotiralardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘sha kuni ko‘chalarga chiqqan fuqarolar avtoritar rahbar Slobodan Miloshevichni saylovdagi mag‘lubiyatini tan olishga majbur qilgan edi. Unga qarshi kichik demokratik partiyalardan tuzilgan turli siyosiy kuchlar koalisiyasi g‘alaba qozongan.
2000 yilda Vuchich hokimiyat tarafida bo‘lgan. U Miloshevich koalisiyasi tarkibiga kirgan o‘ta millatchi Serbiya radikal partiyasining a’zosi va mamlakat axborot vaziri sifatida, asosan, senzura uchun mas’ul bo‘lgan.
Bugun esa Vuchichning o‘zi Miloshevichga o‘xshash vaziyatga tushib qolishi mumkin. Biroq unga qarshi yagona demokratik muxolifat emas, balki talabalar harakati turibdi.
«Talabalar ro‘yxati» hokimiyatni suiiste’mol qilish va korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari natijasida paydo bo‘lgan. Harakatga 2024 yil oxirida Novi-Sad shahrida yaqinda ta’mirlangan vokzalning tom qismidagi soyabon qulab tushishi va 16 kishining halok bo‘lishi turtki bergan.
Talabalar saylovoldi kampaniyasini asosan ijtimoiy tarmoqlar va xonadonma-xonadon yurish orqali olib bormoqda.
«Talabalar ro‘yxati» uchun Serbiya Yevropa Ittifoqiga qo‘shiladimi yoki Rossiya bilan ittifoq yo‘lini tanlaydimi, degan an’anaviy siyosiy bahslar asosiy ahamiyatga ega emas. U liberallar va millatchilarni, so‘llar va o‘nglarni birlashtirgan.
Ushbu ro‘yxatning asosiy maqsadi — hokimiyatni almashtirish. Harakatning ustuvor vazifalari esa jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat.
