Senatning 24-yalpi majlisi 30 noyabr kuni chaqiriladi

Senatning 24-yalpi majlisi 30 noyabr kuni chaqiriladi

2019 yil 25 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva olib borgan mazkur majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisini joriy yil 30 noyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi.

Bundan tashqari, senatorlar tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi, bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqadi. 

Senat a’zolari tomonidan “1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikasiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilinadi. 

Shuningdek, Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, arzon uy-joy qurilishi, gaz, elektr ta’minoti bilan bog‘liq parlament so‘rovlari yuborish masalalarini ham muhokama qiladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!