Senat va YEXHT PA tizimli muloqot va faol aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi

Senat va YEXHT PA tizimli muloqot va faol aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasining (EXHT PA) Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha maxsus vakili Fara Karimiy boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda hozirgi vaqtda parlament diplomatiyasining roli sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Tomonlarning fikricha, aynan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama parlament muloqoti xalqaro maydonda o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashga, jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini mintaqaviy va global muammolarni hal etishga qaratishga ko‘maklasha oladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani, yangilangan tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli mamlakatimizning YEXHT va uning institutlari bilan o‘zaro hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar atrof muhitni muhofaza qilish, ekologiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasidagi hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Markaziy Osiyo ekologiyasi va suv resurslari bir-biriga chambarchas bog‘langani sababli bu boradagi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy yondashuv muhimligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan YEXHT PA vakillari "Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish" yuzasidan Assambleyaning maxsus rezolyusiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston delegasiyalarining qo‘shma tashabbusi muhimligini qayd etdi. Ushbu rezolyusiyada mintaqadagi dolzarb muammolarni hal etishga doir ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro tashkilotlar salohiyatini jalb qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar keltirilgan.

Suhbat chog‘ida YEXHT PA delegasiyasi a’zolari O‘zbekistonda Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning borishi, barcha darajadagi vakillik hokimiyati organlarining rolini oshirish, shuningdek, atrof muhit va suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining fikri bilan atroflicha tanishdi.

Uchrashuvda tomonlar YEXHT PA doirasida tizimli muloqot va faol aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!