Saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi besh mahsulot ro‘yxati e’lon qilindi

Saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi besh mahsulot ro‘yxati e’lon qilindi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi omillarning uchdan bir qismi noto‘g‘ri ovqatlanish yoki kamharakatlik oqibatidir.

Xususan, kundalik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan besh turi mazkur xastalikka chalinish ehtimolini oshirishi mumkin.

Germaniyaning “Stiftung warentest” iste’molchilar fondi JSST tadqiqotlariga asoslanib, ana shu mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qildi.

1. Qayta ishlangan go‘sht. 🥓 Ular sirasiga tuzlangan va dudlangan go‘sht va go‘sht mahsulotlari kiradi. Bunday noz-ne’matlarni kuniga 50 grammdan ortiq iste’mol qilish yo‘g‘on ichak saratoniga chalinish xavfini 18 foizga oshiradi. Qolaversa, yiliga taxminan 34 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ladi.

2. Qizil go‘sht. 🥩 Bu turdagi mahsulot yo‘g‘on ichak, oshqozon osti va prostata bezi saratoni shakllanishiga sabab bo‘lishi bilan bog‘liq dalillar mavjud. Biroq ma’lumotlar hali 100 foiz o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q.

Mutaxassislar qizil go‘shtning haftalik iste’molini 500 grammdan oshirmaslikni tavsiya etadi.

3. Sut. 🥛Aslida bu juda shifobaxsh ne’mat. Faqat me’yor masalasi muhim. Masalan, kuniga 200 dan 800 millilitrgacha sut iste’mol qilish yo‘g‘on ichak yoki ko‘krak bezi saratonidan ishonchli himoya qilishi mumkin.

Biroq erkaklar bu borada ehtiyot bo‘lishlari zarur: sut mahsulotlari tarkibida kalsiyning yuqori miqdori prostata bezi saratoni xavfini oshirishi ehtimoli mavjud. Shu sababli erkaklar kuniga 1,5 grammdan ortiq kalsiy iste’mol qilmasliklari kerak. Bu o‘rta hisobda 1,25 litr sut, degani.

4. Shakar. 🍚 U saratonning bilvosita sababchisidir. Uni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish ortiqcha vaznni keltirib chiqaradi. Semirish esa kamida 13 turdagi saraton bilan bog‘liq kasalliklar rivojlanishi ehtimolini oshiradi.

5. Spirtli ichimliklar. 🍺 Bu borada JSSTning xulosasi qat’iy. Ya’ni alkogol mahsulotlari iste’molining xavfsiz darajasi yo‘q! Demak, u kam miqdorda ichilsa ham, saratonga chalinish xavfi yo‘qolmaydi. Agar ko‘proq iste’mol qilinsa, vaziyat yanada yomonlashadi. Bu borada spirtli ichimliklarning turi yoki sifati ahamiyatsiz.

‼️Mast qiluvchi ichimliklar tamaki mahsulotlari bilan birlashsa, xavf ko‘lami yanada ortadi. Chunki spirtli ichimliklar og‘iz shilliq qavatini tamakining ifloslantiruvchi moddalariga o‘tkazuvchan qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti saratonning yettita turi kelib chiqishini alkogol mahsulotlari bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!