Sanoat kooperasiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etiladi
Prezident farmoni bilan Sanoat kooperasiyasi va davlat xaridlari agentligi va uning boshqaruv kengashi tashkil etiladi. Unga Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat kooperasiyasini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. 2026 yil 1 iyuldan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
➖ Dasturlar doirasida tadbirkorlik sub’ektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz) stavkada 10 yil muddatgacha, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan bitta loyiha uchun 10 mln dollargacha kredit mablag‘lari ajratiladi;
➖ tadbirkorlik sub’ektlarining xorijiy huquq egalaridan ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilaridan foydalanish huquqini olish bilan bog‘liq xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 1 mln dollardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi;
➖ sanoat startaplari – yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 10 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga tanlov asosida subsidiyalar ajratiladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan boshlab dasturlarga kiritilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan, respublikada o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va butlovchi buyumlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.
