Samarqandda insonlar huquqlari bo‘yicha forumga start berildi

Samarqandda insonlar huquqlari bo‘yicha forumga start berildi

Bugun Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi forum boshlandi. Unda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, YEXHT, Yevropa Ittifoqi, IHT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining yuqori darajali vakillari, 200 nafardan ortiq xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan va bu gal “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu anjuman ishtirokchilariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning murojaatini o‘qib eshittirdim.

Davlatimiz rahbari inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini olganini ta’kidladi.

Global iqlim o‘zgarishi oqibatida sayyoramizda yuzaga kelgan keskin ekologik vaziyat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylangani, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘payib borayotgani, insonning sog‘lik, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolayotgani qayd etilgan. Iqlim o‘zgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni keskin kamaytirish uchun jahon mamlakatlari birgalikda samarali choralar ko‘rishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Murojaatda iqlim o‘zgarishi muammolari bilan kurashish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar qayd etilib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasini ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!