Samarqandda fosh etilgan «bunker»: yangi tafsilotlar (video)

Samarqandda  fosh etilgan «bunker»: yangi tafsilotlar  (video)

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha departament xodimlari Samarqand viloyatida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida abituriyentlarga yordam berishga uringan bir guruh shaxslarni — «bunker»ni fosh etib, ularni qo‘lga oldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi axborot-tahlil multimedia markazi ma’lum qildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari guruh a’zolaridan biri Ma’ruf Nurmurodov xizmat uchun oldindan 3000 dollar pulni avans sifatida olayotganida qo‘lga tushirgach, guruhning iziga tushgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh Abror Akramjonov tomonidan shakllantirilgan.

«Akramjonov mijozlarni, ya’ni o‘qishga kirish uchun pul to‘lashga tayyorlarni topish bilan shug‘ullangan. Uchqun Avezov bo‘lsa boshqa abituriyentlar uchun test topshiriqlarini yechib bera oladigan qobiliyatli o‘g‘il va qizlarni saralashga javob bergan. Tergov bunday yoshlarning 10 tasini aniqladi. Agar ular tashqi ko‘rinishi bo‘yicha o‘z mijozlariga biroz o‘xshasa, u holda mijoz o‘rniga imtihonga kirgan. Yo‘qsa, aloqa vositalari orqali testlarni yechishga yordam bergan», — deyiladi reportajda.

Nurmurodov, Ergashev va Avezovlarning vaqtinchalik xonadonlari ko‘zdan kechirilganida 23 ta fuqarolik papsorti va ularning 97 ta rangli nusxalari, 13 ta ro‘yxatga olish varaqalari, abituriyentlarning ismlari yozilgan ikki ro‘yxat va boshqa hujjatlar topilgan va daliliy ashyo sifatida olingan.

7 avgust kuni Abror Akramjonov va guruhning boshqa a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari («bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirish orqali ancha miqdorda firibgarlik qilish»), 28-moddaning 1-qismi («jinoyatda ishtirok etish») va 211-moddda («pora berish») alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!