SAMARQAND QOG‘OZINING SIRI NIMADA?

A A A
SAMARQAND QOG‘OZINING SIRI NIMADA?

Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida insoniyat tamadduniga keskin burilish yasadi, mislsiz kashfiyotlarga sababchi bo‘ldi. Ushbu savdo yo‘llarida Xitoy chinnisi, Damashq qilichlari, Xuroson matolari, hind ziravorlari qanchalik shuhrat qozongan bo‘lsa, Samarqand qog‘ozi ham yuz yillar mobaynida eng xaridorgir mollar ro‘yxatidan tushmay keldi.

Insoniyatning buyuk kashfiyoti

Ma’lumki, qog‘ozga qadar insoniyat o‘z fikrlari yozib qoldirishda sopol taxtachalar, papirus, pergament, mato va boshqa vositalardan foydalangan. Ilk bor 105 yilda xitoylik kashfiyotchi Say Lun o‘simlik tolalarining suvli bo‘tqasini maxsus to‘rdan o‘tkazish orqali qog‘oz ixtiro qilgach, u qisqa fursatda g‘arbu sharqdagi eng xaridorgir mahsulotlardan biriga aylandi. Xitoyliklar asrlar davomida bu bebaho mahsulotni tayyorlash usulini sir tutib kelishdi.

Qog‘oz nisbatan yengilligi, yupqaligi, bo‘yoqni o‘ziga tez va oson singdirishi bois o‘zining oldingi “vazifadoshlaridan” ajralib turardi. Shu bois Xitoy qog‘ozi ko‘pgina mamlakatlarda devon ishlarida, ilm-fan sohasida, kitobatda eng muhim vositaga aylangandi.

VII asrda islom dinining keng yoyilishi sharqda diniy va dunyoviy fanlarning rivojlanishi uchun yangi davrni boshlab berdi. Binobarin yangi islom tamadduni qog‘ozga bo‘lgan talab va ehtiyojning yanada oshishiga yo‘l ochgan. O‘rta Osiyoning katta qismi VIII asrning boshlarida arab xalifaligining tarkibiy qismiga aylandi. Xalifalikning shimoli-sharqiy chegaralari arablar tomonidan Movarounnahr (daryoning narigi tomoni) deb nomlanib, Xitoyning Tan imperiyasi hududiga qadar cho‘zilgan edi.

“Jon kerakmi, qog‘oz kerakmi?”

749 yilda yilning iyul oyida Gao Syanchji boshchiligidagi xitoyliklar Movarounnahrga bostirib kiradilar va Toshkentni egallaydilar. O‘sha davrda arab xalifaligining Xuroson va Movarounnahrdagi noibi – Abu Muslim (700-755) bosqinchilarga qarshi Ziyod ibn Solih boshchiligidagi katta qo‘shinni yuboradi. Hozirgi Qirg‘izistonning Talas vodiysida 751 yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan bu to‘qnashuv Talas jangi nomi bilan tarixda qoladi. Shiddatli jang bir necha kun davom etadi.

Kutilmaganda Qarluq xoqonligi qo‘shnilarining arablarga yordamga kelishi jang taqdirini musulmonlar foydasiga uzil-kesil hal qiladi. Musulmonlar Samarqandga 20 mingdan ortiq xitoylik askarlarni asir olib qaytishadi. O‘z hayotlarini saqlash niyatida xitoylik jangchilar mahalliy hunarmandlarga qog‘oz ishlab chiqarish sir-sinoatlarini o‘rgatadilar. Shu vaqtdan boshlab Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

IX asrga kelib, qog‘oz ishlab chiqarish shahar hunarmandchiligining eng muhim tarmoqlaridan biriga aylandi. Asta-sekin Samarqand qog‘ozi butun Sharq va G‘arb bozorlarini ham egalladi. Ushbu mahsulotning turli xil navlari VIII asrdan XIX asrga qadar nafaqat O‘rta Osiyo va Yaqin Sharqda, balki Yevropaning ko‘pgina davlatlariga tarqaladi.

“Yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqar”

Ming yildan ortiq vaqt mobaynida o‘z faoliyatini san’at darajasiga yetkazgan samarqandlik qog‘ozgarlar dunyoda eng yupqa, silliq, o‘ta chidamli noyob qog‘oz turlarini ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdi. Jumladan oq rangli «sulton qog‘ozi» o‘zining yupqaligi, silliqligi va yumshoqligi bilan ajralib tursa, «shoyi qog‘oz» och sariq – novvot rangi bilan farqlangan. «Mir Ibrohimiy» qog‘ozida xalqasimon suv belgilari bo‘lgan.

Ushbu qog‘oz turlarini yaratishda xomashyo sifatida paxta, ipak va tut daraxti po‘stlog‘idan keng foydalanilgan. Asrlar davomida shaharning Siyob arig‘i bo‘yida ikki mingga yaqin suv tegirmonlari ishlab turgan va ularning 400 dan ortig‘ida qog‘oz ishlab chiqarilgan.

Arab tarixchisi Al-Maqdisiyning (X asr) ma’lumotlariga ko‘ra, Xorazmda ishlab chiqarilgan kamonlar, Shoshning sopol idishlari hamda Samarqand qog‘ozlari Buyuk Ipak yo‘lida ayirboshlanadigan mollar ichida eng mashhuri va bebahosi bo‘lgan.

Samarqand qog‘ozi haqida Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» asarida shunday deydi: «Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqar, juvozi qog‘ozlar suyi tamom Konigildin keladur, Konigil Siyob yoqosidadurkim, bu suvni Obi rahmat ham derlar».

Fors tarixchisi Abu Mansur Sa’olibining (X asr) Samarqand qog‘ozini Misr pergamentidan ustun qo‘ygan. 1863 yilda O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan vengriyalik buyuk sharqshunos va tilshunos olim sayohatchi A. Vamberi Samarqand qog‘ozi haqida shunday yozadi: «Buxoro va Samarqandda ishlab chiqariladigan ushbu qog‘oz butun Turkiston va unga qo‘shni mamlakatlarda ham shuhrat qozongan».

Amir Temur hukmronligi davrida qog‘oz ishlab chiqarish hunarmandchilikning eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan. XVIII asrning boshiga qadar Samarqand va uning atrofida qirqdan ziyod qog‘ozgar ustalar faoliyat ko‘rsatishgan. Temuriylar hukmronligi qulagach, jangu jadallar, ichki nizolar natijasida yurt inqirozga yuz tutdi, ko‘pgina hunarmandlik Samarqanddan boshqa tinchroh joylarga, jumladan Qo‘qonga (Qog‘ozgar va Chorku qishloqlari) ko‘chib ketishdi. Shundan so‘ng Qo‘qon shahri yurtimizdagi qog‘oz ishlab chiqarish markazlaridan biriga aylandi va bu an’ana 1930 yilgacha davom etdi.

Qog‘oz qanday tayyorlanadi?

Hozirgi kunga qadar samarqandlik hunarmandlar tomonidan tut po‘stlog‘idan turli xildagi qog‘ozlar ishlab chiqariladi. Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish uchun balxtut novdalari bir necha kun suvda ivitib qo‘yiladi. Keyin novdalarning po‘stlog‘i shilib olinadi va qozonda 5-6 soat qaynatiladi, so‘ng yog‘ochdan yasalgan o‘g‘irlarda 7-8 soat davomida mayin tolalarga ajralguncha yanchiladi.

Keyingi bosqichda tolalar katta idishga solinib, Siyob suvida aralashtiriladi va to‘rtburchak shakldagi suzg‘ichlardan o‘tkaziladi. Ho‘l qog‘ozlar 8-10 soat davomida taxtakachga bostirib qo‘yiladi, so‘ngra birma-bir silliq sirtga yopishtiriladi. Oxirida har bir varaq qog‘oz marmartosh ustiga qo‘yiladi va chig‘anoq yoki aqiq toshi bilan silliqlanadi. Shu tarzda Samarqand qog‘ozi tayyor bo‘ladi.

Mashaqqatli qo‘l mehnatini talab qiladigan bunday mahsulot fan-texnika rivojlangan hozirgi davrda kerakmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Lekin ming yillar avval, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab dong‘i ketgan va dunyoning turli mamlakatlariga karvonlar orqali yetkazib turilgan Samarqand qog‘ozi bugungi kundagi fan-texnika taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan, uning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan.

Samarqand qog‘ozidan bugungi kunda nafaqat o‘zbekistonlik miniatyurachi rassom va xattotlar, balk xorijliklar ham foydalanishadi. Undan mamlakatimizdagi, hatto Yaponiyadagi qadimiy qo‘lyozmalarni qayta ta’mirlashda keng foydalanilmoqda.

Ruxsora Ortiqova tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!