Sabrning turlari

Sabrning turlari

Bandalarini sabr qilishga buyurgan Alloh taologa hamdu sanolar, ummatlarini sabrga undab, o‘zlari sabr qilishning eng go‘zal namunasini ko‘rsatgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va salomlar bo‘lsin!

         Sabrning ma’nosi har qanday holatda inson o‘zini ushlab va to‘xtatib turishidir. Sabrning yana bir ma’nosi biror narsani kutib turishdir.

Ulamolarimiz sabrning uch xil bo‘lishini aytishgan:

1. Toat-ibodatlarni qilishda sabr.

 2. Gunoh-ma’siyatlardan tiyilishda sabr.

 3. Musibat kelganda sabr.

 

Toat-ibodatlarga sabr.

Bunda inson o‘z nafsini toatga undaydi, majbur qiladi. Masalan, bir kishi namoz o‘qimoqchi, ammo nafsi uni dangasalikka, yotishga, qorni to‘q bo‘lsa ham ovqat yeyishga, ulfatlar bilan suhbatlashishga undab turibdi. Ana shu paytda nafsini namozga tortadi, uning vasvasasiga ko‘nmaydi. Mana shu toatga sabr deyiladi.

 

Gunoh-ma’siyatlardan tiyilishda sabr.

Bunda inson nafsini harom so‘z va ishlardan tiyadi. Masalan, bir kishiga nafsi zino qilishni vasvasa qilyapti, Alloh asrasin, shunda u nafsini bu ishdan qaytaradi. Shu ish ma’siyatdan tiyilishda sabr deyiladi.

Azizning xotini Yusuf alayhissalomni zinoga chorlaydi, eshiklarni berkitadi, “Beri kel!” deb o‘ziga chaqiradi. Shunda Yusuf alayhissalom “Agar men xojamga (ya’ni sening eringga) xiyonat qilsam, zolimlardan bo‘lib qolaman” deb uning istagini rad etadilar, Allohdan panoh so‘radilar va sabr qildilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida yetti toifa kishi qiyomatda – hech qanday soya bo‘lmaydigan, faqat Allohning arshining soyasi bo‘ladigan kunda Allohning arshining soyasida bo‘lishini aytib, shularning qatorida “Nasl-nasabli, chiroyli ayol zinoga chorlaganda, “Men Allohdan qo‘rqaman!” deb, ayolning istagini rad etgan kishi”ni ham zikr qilganlar.

 

Musibat kelganda sabr.

Insonga musibat kelganda, u talvasaga tushmay, amal, so‘z bilan Allohning g‘azabini keltiradigan ish qilmay, kelgan musibatga sabr qilishi va shu sabriga ajr umid qilishi kerak. Bandaga musibat kelganda, u ich-ichidan o‘sha ishdan nafratlanmasligi, balki bularning hammasi Allohning qazoyi qadari bilan bo‘layotganini o‘ylab, sabr qilishi kerak.

Alloh taolo sabrli bandalarini yaxshi ko‘radi. Ularga ulkan mukofotlarni tayyorlab qo‘ygan. Quyidagi oyat sabrlilar uchun xushxabardir:

 

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِّنَ الْخَوفْ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِّنَ الأَمَوَالِ وَالأنفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُم مُّصِيبَةٌ قَالُواْ إِنَّا لِلّهِ وَإِنَّـا إِلَيْهِ رَاجِعونَ أُولَـئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِّن رَّبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَـئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

“Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155 – 157-oyatlar).


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!