Ruminiyalik "Prigojin" davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan

Kongo Demokratik Respublikasidagi harbiy to‘qnashuvlar natijasida ruminiyalik Xorasiu Potra guruhiga mansub ko‘plab yollanma jangchilar tutsi etnik ozchiligi manfaatlarini himoya qiluvchi "23 mart harakati" (M23) nomli kongolik qo‘zg‘olonchilar guruhi tomonidan asirga olindi. Ularni vataniga qaytarish jarayoni bilan BMTning mintaqaga oid missiyalaridan biri orqali vositachilar shug‘ullandi. Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi ham bu jarayonda ishtirok etdi.
Kongodagi Potra guruhiga mansub ruminiyalik yollanma jangchilar uzoq vaqt "ruslar" deb atalgan. Oq tanli yevropalik harbiylarni mahalliy aholi Rossiyaning Yevgeniy Prigojin tomonidan asos solingan va Afrikaning ko‘plab davlatlarida faoliyat yuritgan "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi askarlari deb o‘ylagan.
1 fevral kuni charter reysi orqali Buxarestga qaytgan 288 nafar ruminiyalik aslida Potra rahbarlik qilgan yollanma jangchilar guruhiga mansub edi. 55 yoshli Xorasiu Potra mahalliy tahlilchilarning ta’kidlashicha, tashqi ko‘rinishi va faoliyati bilan ruminiyalik "Prigojin" deb atalgan. Ruminiya xususiy harbiy kompaniyasini boshqarishdan oldin u Afrika va arab davlatlarida xorijiy legioner, qo‘riqchi, xavfsizlik xizmati rahbari va harbiy instruktor sifatida ishlagan.
2024 yilda Ruminiyada prezidentlik saylovlari paytida Potra o‘ta o‘ng siyosatchi Kelin Jorjeskuga yaqin bo‘lgan. Jorjesku birinchi turda g‘alaba qozongan. Ruminiyalik huquq-tartibot organlarini ma’lumotlariga ko‘ra, Potra Jorjesku bilan birga davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan.