Rossiya "xotirjamlik bilan" Qo‘shma Shtatlardan signal kutmoqda
Rossiya tomoni AQShdan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan AQShning yangi saylangan Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv borasida "xotirjamlik bilan" signal kutayotganini Rossiya davlat rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
"Moskvada o‘tirib, Vashingtondan telefon qo‘ng‘irog‘i kelishini kutishayotgandek taassurot uyg‘onishini istamasdim. Yo‘q, biz Tramp jamoasi o‘z vazifalarini egallashi va Trampning Oval xonaga kirishini xotirjamlik bilan kutmoqdamiz. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz," - dedi Ushakov.
Ushakov Putin va Tramp uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarga shunday izoh berdi.
"Hozircha (aloqalar) yo‘q. Prezident biz muloqotga tayyor ekanligimizni bir necha bor ta’kidlagan. Signallar kelishini xotirjamlik bilan kutmoqdamiz," - deya qo‘shimcha qildi u AQSh bilan bu borada qandaydir aloqalar mavjudligi haqidagi savolga javob berar ekan.
Uning ta’kidlashicha, uchrashuvdan oldin Oq uy va Rossiya prezidenti ma’muriyati o‘rtasida yopiq formatdagi muloqotlar bo‘lib o‘tadi.
"Shundan so‘ng muloqotni yanada rivojlantirish, shu jumladan, oliy darajadagi mumkin bo‘lgan suhbat masalalari hal etiladi," - dedi Ushakov.
"Odatda hokimiyatga kelgan prezident yoki hukumat rahbari birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qiladi," - deya qo‘shimcha qildi u.