Rossiya Ukrainaning issiqlik elektr stansiyasi va gaz infratuzilmasiga hujum qildi
27 dekabr kuni Rossiya qo‘shinlari "Naftogaz" gaz ishlab chiqarish korxonalari va issiqlik elektr stansiyasiga "Shahed" raketalari bilan hujum qildi.
Bu haqda Ukraina OAVlari xabar bermoqda.
"Hujumlar "Naftogaz" guruhining issiqlik elektr stansiyalari va gaz ishlab chiqarish korxonalarida qayd etilgan", — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.
Shu bilan birga, Ukrainaning "Naftogaz" milliy aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Sergey Koreskiy Rossiya hujumlari keskin sovuq bilan hamohang ekanini ta’kidladi. Uning tushuntirishicha, dushmanning maqsadi sovuq havo va yukning eng yuqori cho‘qqisidan foydalanib, tizimni o‘chirib qo‘yishdir.
"Favqulodda vaziyatlar brigadalari, texnik xizmatlar va barcha tegishli bo‘linmalar hujum oqibatlarini bartaraf etish va ob’ektlarni tiklash bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda", — qo‘shimcha qildi u.
Ukraina energetika vaziri vazifasini bajaruvchi Artem Nekrasov avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari Kiyev va Kiyev viloyatiga dron va raketa hujumlari chog‘ida podstansiyalar va havo elektr uzatish liniyalari, shuningdek, alohida elektr ishlab chiqarish ob’ektlari sezilarli darajada shikastlangani haqida xabar bergan edi.
Ayni paytda elektr va issiqlik ta’minotini tiklash ishlari davom etmoqda.
27 dekabr, shanba kuni, kechadan va ertalabdan boshlab Rossiya kuchlari Ukraina hududiga 40 ta raketa va 519 ta uchuvchisiz uchoqlarni uchirdi.
