Nyu-Yorkda maxsus ogohlantirish e’lon qilindi, Kaliforniyada esa...
Nyu-Yorkda kuchli qor bo‘ron sabab maxsus ogohlantirish e’lon qilindi. AQSh Milliy meteorologiya xizmati qalin qor yog‘ishi va muzlamalar davom etishi prognoz qilmoqda.
Noqulay ob-havo oqibatida eng ko‘p zarar aeroportlarga yetdi. FlightAware xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Jon Kennedi, La-Gvardiya va Nyuark aeroportlarida jami 886 ta reys bekor qilingan. Nyu-York rasmiylari aholiga zarur bo‘lmagan safarlardan voz kechishni va imkon qadar uyda qolishni tavsiya qildi. The New York Times'ning yozishicha, shahar so‘nggi uch yildagi eng kuchli qor bo‘ronini boshdan kechirmoqda.
Qo‘shma Shtatlarning boshqa hududlarida ham ekstremal ob-havo kuzatilmoqda. Mamlakat G‘arbida ham aviaqatnovlarda uzilishlar qayd etilmoqda. Ayniqsa Kaliforniyada vaziyat og‘ir, shtatda kuchli yomg‘irlar, shamol va suv toshqinlari yuz bermoqda.
Los Angeles Times ma’lumotiga ko‘ra, Kaliforniyada toshqinlar oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan. Los-Anjelesning shimoli-sharqidagi hududlarda, jumladan Raytvudda, loy-sel oqimlari uylar va yo‘llarga zarar yetkazgan, avtomobillarni suv oqimi olib ketgan, daraxtlar ildizi bilan qo‘porilgan.
Shtat gubernatori Gevin Nyusom bir nechta hududlarda, jumladan Los-Anjeles va San-Diyego okruglarida, favqulodda holat rejimini e’lon qildi.
