Rossiya koinotda urush boshlashi mumki

Rossiya koinotda urush boshlashi mumkin. Bu haqda NATO bosh kotibi o‘z fikrini bildirdi.
"Rossiya koinotda yadro qurolini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda va uni sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qo‘llashi mumkin", — deya ma’lum qildi Mark Ryutte Welt am Sonntag haftaligiga bergan intervyusida.
Ryuttening ta’kidlashicha, Moskvaning koinotdagi imkoniyatlari eskirgan va G‘arb darajasiga javob bermaydi. "Shu sababli Rossiya uchun koinotda yadro qurolini rivojlantirish o‘z qudratini oshirish usulidir", — dedi alyans rahbari.
"NATO davlatlari yangi tahdidlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda — razvedka ma’lumotlarini almashmoqda, milliy koinot qo‘mondonliklarini yaratmoqda va himoyalangan sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqmoqda. So‘nggi yillarda koinot makoni yanada gavjum, xavfli va oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib qoldi", — deya qayd etdi Ryutte.
U, shuningdek, NATO ilk bor Arktika hududida sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatuvni kengaytirayotganini e’lon qildi. Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya tobora ko‘proq yangi dengiz yo‘llaridan foydalanmoqda va Arktikaning ayrim qismlarini harbiylashtirmoqda.
"Sun’iy yo‘ldoshlar bizga quruqlik va dengizdagi harakatlarni kuzatishga, qo‘shinlarimiz uchun ishonchli va himoyalangan aloqani ta’minlashga yordam beradi", — deya qo‘shimcha qildi bosh kotib.