Abxaziya to‘liq elektr ta’minotisiz qoldi

"19 aprel kuni tan olinmagan Abxaziya Respublikasi hududining barcha qismida elektr energiyasi ta’minoti to‘xtatildi. Gruziya energiya tizimida avariya yuz berdi, natijada Abxaziya energiya tizimi butunlay elektrsiz qoldi", deya bayonot berdi “Chernomorenergo” kompaniyasi matbuot xizmati.
Gruziyaning Rustavi 2 telekanali xabar berishicha, elektr uzilishlari butun Gruziya bo‘ylab, shu jumladan, poytaxt Tbilisida ham kuzatilgan.
“Gruziya davlat energiya tizimi” kompaniyasining ma’lum qilishicha, avariya natijasida “Kavkasioni” yuqori kuchlanishli liniyasi uzilgan. Energetika kompaniyasining ma’lumotiga ko‘ra, avariya mahalliy vaqt bilan 12:30 ga kelib bartaraf etilgan.
2024 yil dekabr oyida ham tan olinmagan Abxaziya Respublikasi hududida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan edi. Bunga Abxaziyaning asosiy elektr manbai bo‘lgan Inguri GESi faoliyatining to‘xtatilishi sabab bo‘lgan.
Abxaziyaning energiya ehtiyojlari qisman Rossiyadan uzatiladigan elektr ta’minoti orqali qoplanadi, biroq tan olinmagan respublika rasmiylari Rossiyadan elektr xarid qilish uchun mablag‘ yetishmasligini bildirgan edi. Rossiya tomoni esa o‘z navbatida Abxaziyaga “favqulodda elektr ta’minoti” bilan yordam berilishini ma’lum qilgan.