Riyo: ushbu qilgan ishim haqida odamlar xabardor bo‘lsalar

Riyo oshkora va maxfiy bo‘lishi mumkin.
Oshkora riyo amalga chorlovchi omil bo‘lib, odamlar ko‘rishi uchungina qilinadi.
Undan keyingi o‘rinda turadigan riyoning o‘zi amalga sabab bo‘lmasa ham, Alloh uchun qilinadigan amalni yengillatadi. Misol uchun, bir odam har kecha tahajjud o‘qir va bu unga og‘ir kelar edi. Uyiga mehmon kelgan kuni bu ish unga juda ham yengil bo‘lib qoladi.
Undan ham maxfiyroq riyo amalga ham, uning yengillashishiga ham ta’sir qilmaydi. Lekin baribir qalbdan joy olgan bo‘ladi. Bu turdagi riyo amalga sabab bo‘lmagani uchun uni ba’zi alomatlaridangina bilib olish mumkin. Uning eng mashhur alomati odamlar uning toatidan xabardor bo‘lsa, xursand bo‘lishidir.
Ko‘pchilik bandalar ixlos bilan amal qiladilar. Riyoni qasd qilmaydilar, balki yomon ko‘radilar. Amal shunga binoan bo‘ladi. Shu bilan birga, odamlar uning amalidan xabardor bo‘lsalar, masrur bo‘ladi va huzur topadi. Bu narsa qalbida ibodat mashaqqatini yengillashtiradi. Mana shu surur undagi maxfiy riyoning dalilidir.
Bir kishi tun qa’rida, barcha uxlab yotganda ixlos bilan namoz o‘qiydi. Namozning xushu’ va xuzu’sini o‘rniga qo‘yadi. O‘zi o‘qigan namozidan huzur topadi. Shu bilan birga, uning xayolidan «Qani edi odamlar ushbu holimni bir ko‘rsa», degan fikr o‘tadi. Mana shu holat maxfiy riyo bo‘ladi.
Boshqa bir odam qiynalib qolgan tolibi ilmga yordam beradi. Uning yordami tufayli tolibi ilmning ishi yurishib, ilm olishi yaxshilanadi. Yordam bergan kishi bu holatdan g‘oyatda mamnun bo‘ladi va unga savoblar yoziladi. Ammo shu bilan birga, uning xayolidan «Ushbu qilgan ishim haqida odamlar xabardor bo‘lsalar yaxshi bo‘lar edi, ularning huzurida obro‘im oshardi», degan fikr o‘tadi. Mana shu holat ham maxfiy riyodir.
Shunday paytlarda o‘zini o‘nglab olgan, maxfiy riyoga yo‘l qo‘ymaslikka musharraf bo‘lgan bandalar yutadilar.
Alloh taolo barchamizni maxluqotlar ko‘rmaydigan tarafdan riyo kirishidan asrasin!
Manba: islom.uz