Referendum haqida: 4 savolga 4 javob

Referendum haqida: 4 savolga 4 javob

Referendum nima? Ushbu jarayonning mohiyati nimada? E’tiboringizga shu va boshqa masalalarni qamrab olgan savol-javoblarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Savol: Referendum haqida tushuncha bersangiz.

Javob: Bevosita “Referendum” so‘zining ma’nosiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu so‘z, qisqa qilib aytganda, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan va ba’zan qonunlar qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumxalq so‘rovi, ovoz berish yo‘li bilan xalq fikrini aniqlashdir.

O‘zbekiston Respublikasida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun dastlab 1991 yil 18 noyabr kuni qabul qilingan bo‘lib, mazkur Qonun yillar davomida xalqaro tajribani, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasida orttirilgan amaliy tajribalarni inobatga olgan holda 2001 yil 30 avgust kuni yangi tahrirda qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining referendumi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.

Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir.

Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Referendum O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkaziladi.

Savol: Referendumda kimlar ishtirok etadi?

Javob: Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emaslar.

Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.

Savol: Referendumda ovoz berish tartibi haqida ham tushuncha bersangiz.

Javob: Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiriladi. Ovoz berish byulletenini to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniga ega bo‘lmagan fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.

Fuqarolar ovoz berish byulletenida referendumga qo‘yilayotgan masala bo‘yicha o‘zi ovoz berayotgan variant ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga “+” yoki “http://old.lex.uz/files/6259022 ” yoxud “x” belgisini qo‘yadi.

To‘ldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolariga hamda kuzatuvchilarga ko‘rinib turishi kerak.

Buzib qo‘yilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga ko‘ra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.

Ayrim fuqarolar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan taqdirda, ularning iltimosiga ko‘ra referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berishni ana shu fuqaro turgan joy bo‘yicha, ko‘chma ovoz berish qutilaridan foydalanib tashkil etadi.

Savol: Fuqarolar muddatidan oldin ham ovoz berishi mumkinmi?

Javob: Referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish referendumga o‘n kun qolganida boshlanadi va referendumga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va fuqarolarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun referendum kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka komissiyasidan referendumda ovoz berish byulletenini oladi.

Ovoz beruvchi referendumda ovoz berish byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Referendumda ovoz berish byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida ovoz beruvchi tomonidan to‘ldiriladi.

Ovoz beruvchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan referendumda ovoz berish byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

Akmal Razikov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!