"Real"ga qarshi bahsda "Manchester Siti"ga nima yetishmadi?

"Real"ga qarshi bahsda "Manchester Siti"ga nima yetishmadi?

“Barselona”dagi paytida Pep Gvardiola eng ko‘p risk qiladigan murabbiy edi. Shuning uchun o‘sha jamoa yorqinroq ko‘rinadi, alohida o‘yinlarni eslash kerak bo‘lsa,juda ko‘p – “Arsenal” bilan, “Milan”, “Real”, “MYU” bilan...

Hozirgi “Manchester Siti” kuchliroq bo‘lishi mumkin, sovrin borasida ham qolishmaydi, lekin ko‘z oldimizga keltirganimizda, asosan, davraviy turnirlarda “oshini oldirib qo‘ymaydigan”, barqaror jamoa tasavvuri paydo bo‘lda. Yetti yillik davrda yaqqol eslanadigan alohida o‘yinlar yo‘qdek.

Chempionlar Ligasidagi qatorasiga omadsiz o‘yinlar balkim Gvardiolani murabbiy sifatida o‘zgartirgandir, jamoa kuchlimi, demak hammasi nazorat ostida bo‘lgani durust, tahlika qo‘shilganida kuchlar yaqinlashib qoladi, deb xulosa qilgandir. Balkim bu yechim yakunda “Manchester Siti”ga ko‘proq sovrin olib kelgan, balkim o‘tgan yilgi treblning asosi ham mana shu qarash bo‘lgandir. Kim biladi...

Ammo nazoratga intilish darajasi shu darajaga yetdiki, ushbu mavsumda “Manchester Siti” asosiy raqiblari bilan o‘yinlarda ham yutqazmaslikni yutishdan ustun qo‘yishni boshladi. Ha, jamoa juda kam yutqazdi, top o‘yinlarda faqat “Arsenal” so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi, lekin g‘alaba ham yo‘q – juda ko‘p katta muhim o‘yinlar durang bilan yakunlandi. Bu duranglar oqibatda Gvardiolaga navbatdagi chempionlikni olib kelish ehtimoli yuqori, to‘g‘ri, lekin Chempionlar Ligasida alohida o‘yinlarni yutmasdan turib finalga chiqib bo‘lmaydi, bu ham bor.

Ko‘pincha, himoyalangan jamoani qo‘rqoq deyishadi. Aslida gap bunda emas, aslida o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmagan, bor imkoniyatini maydonga tashlay olmagan taraf qo‘rqoqdir.

Kecha manchesterliklar “Real”dan yaqqol ustunlik qilishdi, o‘ttizdan ortiq darvozaga zarba berildi, o‘yin vaqtining katta qismi “Manchester Siti”ning nazoratida kechdi. Lekin “Real” bilan nazorat yetarli emas, risk ham kerak. Shuncha ustunlik va vaziyatlar bo‘lganida, riskni gapirish nima foyda, asosiy masala vaziyatlardan foydalana olmaslik, deyish mumkindir ham, lekin risk qila olish ko‘nikmasi, kerakli paytda, kutilmagan paytda o‘sha driblingni amalga oshirish, o‘sha zarbani ijro qilish, o‘sha g‘alati fint hammasini hal qiladi.

Darvozaga berilgan 33 zarbadan qaysi birini «vah, mana bu aniq gol bo‘lishi kerak edi?» deb eslay olasiz? Agar eslay olmasangiz, «Siti» g‘alaba uchun hammasini qildi, deyish qanchalik to‘g‘ri?

“Manchester Siti”ning kechagi ustunligi har qancha bo‘lmasin, ehtiyotkor edi, risksiz edi, raqibni esankiratadigan, muvozanatdan chiqaradigan darajada emasdi, aytganimdek, kutilmagan qarorlar yetishmadi.

Oqibatda eng muhim pallada eng katta risk – penaltilar seriyasida jazolanishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!