Rasmiy munosabat! Toshkent shahrida renovasiyaning mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida yangi qurilishlarni amalga oshirmaslik tarafdorimiz

Rasmiy munosabat! Toshkent shahrida renovasiyaning mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida yangi qurilishlarni  amalga oshirmaslik tarafdorimiz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi regulation.gov.uz portaliga “2024 yilda Toshkent shahar Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovasion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.

Albatta, poytaxtimiz tumanlari rivojlangan davlatlar tajribasi asosida yanada obod etilishi, ularda innovasion, “yashil texnologiyalar”ning va zamonaviy usullarning joriy etilishi, tadbirkorlik hamda turizm salohiyatining ortishi barchamizni quvontiradi.

O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi faollari, ekspertlari tomonidan mazkur qaror loyihasi atroflicha o‘rganilib, tahlil etilganida unda rejalashtirilayotgan ayrim masalalar yuzasidan savollar yuzaga keldi.

Taklif etilayotgan qaror loyihasiga ko‘ra, Chilonzor tumani hududidan Do‘mbirobod, Kichik halqa yo‘li, Dilxush 2-tor ko‘chasi kesishmalari oralig‘ida joylashgan yo‘l bo‘yidagi aholi xonadonlari va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini renovasiya asosida ko‘p qavatli qilib qayta qurish hamda birinchi qavatida yangi zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Renovasiyaning mustahkam huquqiy asosi, xususan, uni amalga oshirishning qat’iy talab va tartiblari, uy-joy mulkdorlari huquqlariga rioya etish kafolatlari bo‘lmasdan turib, bu borada loyihalarning amalga oshirilishi jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlariga putur yetkazishi mumkin.

Shu sababli, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi mazkur qaror loyihasini renovasiyaga oid qonunchilik asoslari mavjud emasligini hamda keng jamoatchilik, shu jumladan Chilonzor tumani aholisi bilan har tomonlama muhokama qilib, ularni fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston “Adolat”
sosial-demokratik partiyasi
Matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!