Radiasiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazining asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilandi

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi huzuridagi “Radiasiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (27-son, 21.01.2025 y.)
Unga ko‘ra, quyidagilar “Radiasiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
— radiasiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish va tartibga solish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ilmiy-texnik ishlar asosida takliflar (tavsiyalar) ishlab chiqish;
— atom energiyasidan foydalanish ob’ektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza o‘tkazish;
— atom energiyasidan foydalanish sohasida radiasiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha normativ bazani rivojlantirish va takomillashtirish;
— radiasiya va yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha davlat dasturlari, xalqaro loyihalar hamda dasturlarni ishlab chiqishda, shuningdek, nazorat va lisenziyalash faoliyatini texnik, tahliliy hamda eksperimental qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etish;
— radiasiya va yadro xavfsizligi sohasida ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy asoslangan xavfsizlik, modellashtirish va hisoblash tahlilini o‘tkazish;
— radiasiya va yadro xavfsizligini tartibga solish sohasida ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish, yaratish, shakllantirish va saqlash;
— o‘z vakolati doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.