Qo‘ylariga hujum qilgan bo‘rini o‘ldirgan shaxsga jarima solindi
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida chorva moliga hujum qilgan bo‘rini o‘ldirgan fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mazkur holat ekologiya qonunchiligi talablarining buzilishi sifatida baholandi.
Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 2025 yil 10 dekabr kuni Uzun tumanining «Beshkapa» mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, fuqaro M.I.ning qo‘ylari adirlik hududda o‘tlab yurgan vaqtida bo‘ri hujumiga uchragan.
Fuqaro yozgan tushuntirish xatida chorva moliga ziyon yetkazilishining oldini olish va ularni asrab qolish maqsadida bo‘rini ta’qib qilganini, ushbu harakatlar natijasida bo‘ri nobud bo‘lganini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan tuzilgan dalolatnoma asosida, fuqaroning harakatlari natijasida O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunining 33-moddasi talablari buzilgani aniqlangan. Mazkur qonunning 53-moddasiga muvofiq, javobgarlik choralari belgilangan.
Shuningdek, fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismi asosida BHMning 20 barobari, ya’ni 8 million 240 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortilgan.
Keltirilishicha, bo‘ri, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, muhofaza qilinadigan yovvoyi hayvon turlari qatoriga kiradi. Unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, qiynoqqa solish yoki noqonuniy harakatlarni amalga oshirish amaldagi qonun hujjatlariga zid hisoblanadi va belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi aholini tabiatga, ayniqsa yovvoyi hayvonlarga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lishga, ekologik qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga hamda bunday holatlar yuzasidan xulosa chiqarishda faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.
