Samarqandda ajib “hangoma”lar: hokim xotini, o‘g‘li va haydovchisini davlat hisobidan Xitoyga yuborgan
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan Samarqand viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlarida xorijiy xizmat safarlari, ular bo‘yicha ma’lumotlarning ochiqlanishi va belgilangan tartib-taomillarga rioya etilishi o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida viloyatning Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan xizmat safarlariga yaqin qarindoshlari, shuningdek, safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlar yuborilganligi holatlari aniqlandi.
Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning o‘g‘li D.D.lar xizmat safariga yuborilgan.
Bundan tashqari, Xitoyda tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish” bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilganligi ko‘rsatilib, 32 nafar shaxsdan iborat delegasiya tarkibi (ro‘yxat) taqdim etilgan.
Biroq, ro‘yxatni o‘rganish davomida ayrim delegasiya vakillari, jumladan, tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.SH., hokimlik boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi CH.H.lar ro‘yxatga asossiz ravishda kiritilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S.lar Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborish holatlari mavjudligi aniqlandi.
Masalan, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan investisiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish maqsadida 2025 yilning 22–30 may kunlari Xitoyga xizmat safari tashkil etilib, delegasiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligi bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgan.
Shu kabi, Davlat rahbarining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on hamda Qo‘shrabot tuman hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilganligi aniqlandi.
O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
