Toshkent shahrida aniqlangan narkolaboratoriyadan katta miqdorda giyohvand moddalar va prekursorlar olindi
🔴 Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1979 y.t. shaxs poytaxt hududining turli manzillaridagi ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga va boshqa joylarga xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalarini berkitib ketayotganligi aniqlanib, qo‘lga olindi.
Uning yoni va avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 15 dona kichik bo‘laklarda “Al’fa PVP” va 24 dona bo‘laklarda “Mefedron” giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida, uning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilib, uyning yerto‘lasida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlandi.
🧪 Olib borilgan tezkor tadbir davomida, qonunbuzarning yonidan va uyidan jami 2,8 kg giyohvand moddalar hamda 11,5 litr prekursorlar, shuningdek, narkolaboratoriya uchun zarur bo‘lgan anjomlar va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, uning telefonida bo‘lgan geolokasiya yordamida, muqaddam Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan, sintetik narkotiklar tayyorlashda foydalaniladigan 49,9 kg va 48 litr prekursorlar olindi.
⚖️ Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
📞 Hurmatli fuqarolar kundalik hayotda bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
