Qozog‘istonda qotillikka qo‘l urgan o‘zbekistonlik yigitga hukm o‘qildi

Qozog‘istonda qotillikka qo‘l urgan o‘zbekistonlik yigitga hukm o‘qildi

Dunyoda inson yashar ekan, albatta u atrofidagilar bilan muomala qiladi, aloqa o‘rnatadi. Bu bog‘lanishsiz inson jamiyatda yashay olmaydi. Shu sababdan insonlarning bir-birlariga hojati tushadi. Kimlarningdir ma’naviy, iqtisodiy ko‘magi va yordamiga muhtoj bo‘ladi. Shu lahzalarda insonning qadr-qimmati,kimligi va qandayligi namoyon bo‘ladi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Nurmatjon (ismi-shariflar o‘zgartirilgan) ham bozorda tirikchilik g‘amida arava sudrab yurgan Dilmurod bilan yaqindan tanishdi-yu, unda bu yigitga yordam berish istagi tug‘ildi...

So‘nggi tashrif...

Dilmurod Yunusov Toshkent shahrida joylashgan «Abu-saxiy» savdo kompleksida aravada qo‘l yuklarini tashib yurganida, ushbu bozorda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Nurmatjon Karimov bilan tanishib qoladi. Nurmatjon unga arava sudrab yurgandan ko‘ra,sotuvchilik qilishni taklif qiladi. Oyiga 300 AQSh dollari miqdorida maosh to‘lashini aytadi. Og‘ir mehnat joniga tekkan Dilmurod uning bu taklifiga jon-jon, deb rozi bo‘ladi. Shundan keyin u Nurmatjonga tegishli Qozog‘iston Respublikasi, Chimkent shahrida joylashgan «Alash» savdo majmuasidagi shaxobchalarning birida sotuvchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Nurmatjon Karimov tomonidan ijaraga olingan Qozog‘iston Respublikasi, Chimkent shahri, 3-kichik tumani, 1-uy, 72-xonadonda yashay boshlaydi. Nurmatjon har zamonda bir borib, Dilmurod bilan hisob-kitob qilar, savdodan tushgan pullarni olib, O‘zbekistonga qaytardi. Uning Qozog‘istonga qilgan navbatdagi tashrifi oxirgisi bo‘ldi...

“Haqorat qilgani uchun bo‘g‘dim”

Sud majlisida sudlanuvchi Dilmurod Yunusov e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

–2015 yilda tirikchilik maqsadida Rossiyaga ketdim. Ammo ishim yurishmadi. 2016 yilning iyul oyida O‘zbekistonga qaytib kelib, “Abu-saxiy” bozorida aravakashlik bilan shug‘ullana boshladim. Nurmatjon bilan shu yerda tanishib, yaqin bo‘lib qoldik. U menga Chimkent shahrida joylashgan savdo do‘konida sotuvchilik qilishni taklif qilganida judayam xursand bo‘ldim. Shundan keyin Qozog‘istonga kelib, do‘konda sochiq savdosi bilan shug‘ullana boshladim. Nurmatjon har zamonda bir-ikki kunga kelib, men bilan hisob-kitob qilar, savdodan tushgan pullarni olib ketardi. O‘sha oxirgi kelganida ham yaxshi o‘tirdik, oramizda hech qanday urush-janjal, kelishmovchilik bo‘lmadi. Erta tongda uyg‘onib, bozorga jo‘nadim. Bu paytda Nurmatjon uxlab yotardi. Uni bezovta qilmaslik maqsadida eshikni tashqaridan qulflab, ishimga ketdim. Soat to‘qqizlarda Nurmatjon qo‘ng‘iroq qilib, nimaga ustidan qulflab ketganimni, ikkinchi kalit qayerdaligini so‘radi. Men ikkinchi kalitni yo‘qotib qo‘yganligimni, uning uyqusini buzishni istamaganligim uchun tashqaridan qulflaganimni aytdim. Nurmatjon esa menga jahl qilib baqirib, haqoratlay ketdi. Zudlik bilan kelib, eshikni ochishni talab qildi. Shundan keyin savdodan tushgan 250.000 ming tangani cho‘ntagimga solib, ijara uyga qaytdim. Kelganimdan keyin Nurmatjonga vaziyatni tushuntirishga qancha harakat qilmay, u meni uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qildi, “haromi” deb baqirdi. Bu gapga chiday olmadim, ikkalamiz, olishib ketdik. Jahlim chiqqanimdan o‘zimni boshqara olmay, uni divan ustiga yiqitib, bo‘ynidan bo‘g‘a boshladim. U tipirchilashdan to‘xtadi, burnidan qon kelgandan keyin o‘zimga keldim. Yuziga bir-ikki urib ko‘rdim, foydasi bo‘lmadi. Shundan keyin uning o‘lganini bildim. Cho‘ntagidagi uyali aloqa vositasini olib, o‘chirib qo‘ydim. Qilgan ishimdan qo‘rqib ketib, uni ipga osmoqchi, o‘z joniga qasd qilgandek ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Ammo bu ish o‘xshamadi. Shundan keyin boshiga qora polietilen paket kiygizib, skochlab qo‘ydim va murdani ayvondagi shkafning ichiga yashirdim. Keyin eshikni qulflab tashqariga chiqdim. Savdodan tushgan barcha pullarni o‘zim bilan oldim. Qilgan ishimdan qo‘rqib ketib, O‘zbekistonga qaytdim. Shu yerda meni ichki ishlar xodimlari qo‘lga olishdi...

Hukm o‘qildi...

Dilmurod Yunusov O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topildi. Unga nisbatan  14 (o‘n to‘rt) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

 

Nargiza Qosimova

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi,

Lola SHOIMOVA, jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!