AI-80 benzinini sotish va undan foydalanish cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda 2025 yildan "Evro – 4" standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isi ( AI-80 benzini) sotilishi cheklanishi mumkin. Bu haqda 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ma’lum qilingan.
Keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, O‘zbekiston ekologik partiyasi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi taklifini inobatga olgan holda 2025 yil 1 maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida ayrim yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi. Bular asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar, teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari, samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish, qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash, xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.
2025 yil yakuniga qadar quyidagi vazifalarning bajarilishini ta’minlashga barcha kuch va resurslar safarbar etiladi:
- “Evro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash;
- respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash, bundan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda avariyaviy yoqilg‘i sifatida foydalanish holatlari mustasno.
2025 yil 1 noyabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga “taralarni qaytarish”, ushbu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizasiya qilish yoki utilizasiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatni joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2025 yil 1 oktyabrga qadar markazlarda taqiqlangan loyihalarni va energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi mavjud quvvatlarni bosqichma-bosqich Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan ko‘chirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.