Germaniya va Fransiya Trampning tahdidlariga munosabat bildirdi
Germaniya va Fransiya 8 yanvar kuni Donald Trampni “suveren chegaralar”ga tahdid solishdan ogohlantirdi. Bu ogohlantirish AQShning saylangan prezidenti Grenlandiyani harbiy yo‘l bilan egallash imkoniyatini rad etmaganidan so‘ng e’lon qilindi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, chegaralarning buzilmasligi prinsipi “har bir mamlakatga, u sharqda yoki g‘arbda joylashganidan qat’i nazar, tatbiq etiladi”. Bu tamoyilga har bir davlat, “kichik yoki qudratli bo‘lishidan qat’i nazar”, rioya qilishi kerak.
Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt ham ”chegaralar kuch bilan ko‘chirilmasligi kerak” degan “qat’iy tamoyil” amal qilishini eslatdi.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barroning ta’kidlashicha, Yevropa ittifoqi “boshqa mamlakatlarga, ular kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z suveren chegaralariga hujum qilishga ruxsat bermaydi”.
Agar siz mendan “AQSh Grenlandiyaga bostirib kirishni rejalashtiryaptimi?” deb so‘rasangiz, javob salbiy bo‘ladi, dedi u.
Vazir, shuningdek, “eng kuchlining qonuni” qaytadigan davr boshlanganini ta’kidladi
“Biz uyg‘onishimiz va harbiy jihatdan o‘zimizni mustahkamlashimiz kerak”, dedi Barro.
U Qo‘shma Shtatlarni “tabiatan imperialistik emas” deb atadi. Biroq Fransiya hukumati vakili Sofi Primas Trampning izohlarida “imperializm shakli” borligini aytdi.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Grenlandiyani Yevropa hududiga tegishli ekanini aytdi. Qayd etilishicha, Daniya qirolligiga qarashli bo‘lgan Grenlandiya 1985 yilda avtonomiya olganidan so‘ng Yevropa ittifoqidan chiqib ketgan.