Samarqandga 2025 yilda 3 milliard dollarlik xorijiy investisiya jalb etiladi
2024 yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida 1 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investisiya o‘zlashtirildi va avvalgi yilga nisbatan 163 foizlik natijaga erishildi.
Xorij sarmoyasining salmoqli qismi (400,3 million dollar) Xitoy kompaniya va tadbirkorlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Rossiya (72,1 million), BAA (64 million) va Turkiya (63,8 million)dan ham avvalgi yillarga nisbatan ko‘p investisiya kirib keldi.
– Bunday ijobiy o‘sish yurtimizda investorlar uchun har tomonlama qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, tarmoqlararo hamkorlikni rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani va, eng muhimi, tizimli iqtisodiy islohotlar hamda liberalizasiya siyosati samarasidir, – deydi Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari – investisiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Oybek Hamroyev. – Xorijiy investisiyalarning ko‘payayotgani, o‘z navbatida, viloyatda infratuzilma yaxshilanishi, ishlab chiqarish salohiyati oshishi va yangi ish o‘rinlari yaratishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Fikrimizni aniq misollar bilan davom ettirsak. Jomboy tumanidagi “CCI SAMARKAND LIMITED” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 78,4 million dollar bo‘lgan “Coca-cola” ichimligi hamda salqin ichimliklar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilishi natijasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 15 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Samarqand shahridagi “Azia metall prof” korxonasi tomonidan po‘lat eritish va qora metall ishlab chiqarish hamda maishiy texnika va avtomashinalar uchun tunuka list tayyorlash loyihalari doirasida 161 million dollar xorijiy investisiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.
Avvalgi yillar tajribasi hamda viloyatimizning mavjud imkoniyat va salohiyatidan kelib chiqib, bu yil yana ham baland marra olganmiz. Ya’ni 2025 yilda 3 milliard dollar xorijiy investisiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu investisiyalarning 1,4 milliard dollari manzilli shakllantirilgan loyihalar doirasida, 1,6 milliard dollari esa istiqbolli loyihalar doirasida o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Demoqchimanki, bu raqamlarning asosi bor, shunga yarasha loyihalar tayyorlangan, xorijiy hamkorlar topilgan. Gap bu loyihalarni amalga oshirishga qolgan.
Birgina Xitoy davlatidan bu yil 1 milliard 78 million dollar sarmoya kiritilishi kutilmoqda. Shuningdek, Rossiya va Turkiya ham investisiya bo‘yicha asosiy hamkorlarimiz qatorida turibdi.
Misol uchun, bu yil Bulung‘ur tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yangi Osiyo Xalqaro Biofarmasevtika” xorijiy korxonasi negizida umumiy qiymati 100 million dollar bo‘lgan tibbiy biopreparatlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida 50 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investisiya kiritiladi. Pastdarg‘om tumanidagi “Menem beton” qo‘shma korxonasida esa temir beton va beton bloklari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish loyihasi doirasida 65 million chet el sarmoyasi o‘zlashtiriladi.
Viloyatning investisiya salohiyatini yanada oshirish maqsadida yil davomida xorijiy davlatlarga biznes tashriflar amalga oshiriladi. Bu tashriflar davomida logistika, IT, innovasion va yuqori texnologiyalar sohasida yangi kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.