Qiz bolaga karyera kerakmi?

Qiz bolaga karyera kerakmi?

Necha vaqtlardan buyon ayollar erkaklar bilan bab-baravar ijtimoiy hayotning turli jabhalarida faol qatnashib kelishmoqda. Imkoniyatlari, bilimu saviyalari yetadigan kasb-hunarlarni egallashyapti. O‘z mutaxasisliklari bo‘yicha yetarlicha ishlab, shuning orqasidan muvaffaqiyatlarga erishib, hrmat-ehtiromga loyiq ko‘rilyaptilar. Ammo hech birlari karyera deb oiladagi ayollik, bekalik, onalik vazifalarini unutib qo‘ymayotgandilar. Davrimizga kelib esa...

Bir qizni bilaman. Oliy ma’lumotli. Yaxshigina joyda, mas’ul lavozimda ishlaydi. Boobro‘ oilaning farzandi. Xudo husndan ham qismagan. Gap-so‘zlaridan oqila, fahm-farosatli qiz deb o‘ylaysiz. Yaqinroq tanishgach esa... Ba’zan o‘sha tanishimning hayotiga, turish-turmushiga nazar solib, uning o‘z qadrini bu qadar yerga urayotganidan, umrini uvol qilayotganidan kuyunib ketaman. Esiz unga taqdir qilingan ilm, unga nasib etgan martaba! Gohida tilimni tishlay-tishlay savol beraman:

O‘zing yomon qiz emassanku, nega bu yo‘ldasan?! Nega yetarli biliming, salohiyating bo‘la turib, oilali, bola chaqali erkaklarga jazman bo‘lib yuribsan?


Qizning javobidan yoqa ushlayman:

Men yomon ish qilayotganim yo‘q. Hozir ayni karyera qiladigan davrim. O‘zimga mashina, uy olmoqchiman. Amalim ko‘tarilishi xohlayman. Hozir orqangda bir emas, bir nechta suyaydigan odaming bo‘lmasa, hech qanaqasiga yuzaga chiqolmaysan!


Hech zamonda ayol degani o‘z nomusi, ori, g‘ururini, izzat-nafsini poymol qilish evaziga karyera qilar ekanmi?! Hozir- husni borligida unga sponsor lik qilayotgan erkaklar erta bir kuni uni yonidan itarmasligiga, husni qaytganda uning o‘rniga boshqa bir yoshroq karyerachi qizni suyamasligiga kafolat bormi?

Ayolni uy eplasin!
Inson uchun bu dunyoda eng zarur, eng keragi- oila va albatta shaxsiy hayotdagi baxt, xotirjamlik. Hech qachonfaqat ish bilan, mansabu amal bilan kishi mukammal baxtga erishgan emas, erisholmaydi ham! Tanish opaxonlardan biri ko‘cha izg‘ib yuradigan ayollarni ko‘rganida: Ayolni uy eplasin! deydi kuyunchaklik bilan. O‘z uyida baxtli bo‘lgan odamgina chinakamiga baxtiyordir degan edi faylasuflardan biri. Odam nega ishlaydi? Oilasining moddiy ta’minoti yaxshilanishi uchun emasmi? Farzandlarining birovga muhtoj, ko‘ngli o‘ksik bo‘lmasligi uchun emasmi? Ayol kishi-chi, uning biror mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishdan maqsadi turmush o‘rtog‘iga jindak bo‘lsa ham yordam berish, bolalarining kamoli uchun ro‘zg‘or yukining og‘irliklariga yelka tutish emasmi?.. Leikn ming afsuski, bugun o‘qimishli qizlarimizning ko‘pi oliy o‘quv yurti tahsilini tugatgach, turmush qurishni paysalga solib yurishibdi. Avval karyeramni yo‘lga qo‘yvolishim kerak degan vaj bilan umrlarining eng gullagan davrini havoga sovurib, ko‘tarilish ilinjida ba’zi qo‘li uzun amaldoru mansabdorlarga ovunchoq bo‘lib yurishdan orlanishmayapti...

O‘qituvchi ayolning pushaymonlari
Talabalik davrimda bir ayolning mungli hikoyasini eshitgandim. O‘qituvchilar malakasini oshirish institutida dars beradigan bu ayolning uyida biz-uch to‘rt talaba qiz ijarada turardik. Yoshlikning o‘ziga xos beboshliklari bo‘ladi. Bir kuni dugonalarim bilan o‘zmizga sevgi izhor qilgan, sovchi yuborgan yigitlarni ermak qilib kulayotganimizda, opaxon bizga qat’iy tanbeh bergandilar.

Yaxshi emas, qizlar! Sizni suyadigan yigitni zinhor masxaralamang, ustidan kulmang! Uyingizga sovchi yuborgan yigitning niyati toza ekanki, sizni odamzot uchun eng zarur bo‘lgan oilaviy baxt tomon olib ketmoqchiligini bildiribdi. Bundan xursand bo‘ling. Qiz bola uchun hayotda eng muhimi oilaviy baxt. Erning sevimli xotini, farzandlarning mehribon onajonisi bo‘lish. O‘qish, ish degan narsalarning hammasi ikkinchi-uchinchi darajadagi gaplar. Xudo deng, yor-yor lar bilan kelin bo‘ling...


Opaning shahar markazidan uch xonadi shinam uyi, tagida mashinasi, ishida obro‘- e’tibori bor edi, lekin... oilasi yo‘q. Bir kuni opaning o‘zi yorildi : bir paytlari ko‘pchilik qizlarday oq-oydin liboslarda, beg‘ubor orzular bilan kelin bo‘lganini aytdi. Aspiranturani bitirish kezlarida homilador bo‘libdi. Ammo, bolani dunyoga keltiradigan bo‘lsam himoyam cho‘ziladi, bu karyeramga salbiy ta’sir qiladi, degan axmoqona xayolda bolani tug‘ishdan voz kechadi. Abort qilgan tibbiyot xodimining uquvsizligi, yo Yaratganning ayolga (noshukrligi uchun) bergan jazosimi, u bir umrga farzand ko‘rish baxtidan benasib bo‘ladi. Oilasi buzilib ketadi... O‘shanda opa ezilib yig‘lagan ko‘yi:

Sobiq erimning keyingi xotini ham o‘qituvchi ekan. Hozir to‘rt farzandi bor. U ayol karyeraning ortidan quvmasa ham kattagina o‘quv dargohiga direktor bo‘libdi. Hurmate’tibori baland ekan,- dedi.


Karyera deb oilasidan, farzandlaridan voz kechayotgan ayollar, gul umrini ayrim hirsparast to‘ra larning davrasida xarob qilayotgan nodon qizlar ayolga faqat er uyidan baxt topish va beshik quchib karyera qilish yarashishini mulohaza qilmaganlar, deb o‘ylayman...

Manba: zamin.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!