Qirg‘iztonlik deputat O‘zbekiston va Qozog‘iston suv uchun pul to‘lamasligidan norozilik bildirdi
9 fevral kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshida (parlament) O‘zbekiston va Qozog‘iston suv uchun Bishkekka pul to‘lamayotgani masalasi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda mahalliy ommaviy axborot vositalari.
Jogorku Keneshning agrar siyosat, suv resurslari, yerosti boyliklaridan foydalanish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi yig‘ilishida deputat Umbetali Qidiraliyevning aytishicha, Qirg‘izistondagi suv zaxiralarining qariyb 80 foizi qo‘shni davlatlar – O‘zbekiston va Qozog‘istonga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, suv omborlarini saqlash, ta’mirlash va xavfsizligini ta’minlash xarajatlari Qirg‘iziston zimmasida qolmoqda.
"Demak, Qirg‘iziston ushbu gidroyelektr inshootlarini saqlashdan hech qanday iqtisodiy foyda ko‘rmayaptimi? Ta’mirlash ishlarini olib borish, suvni saqlash va to‘g‘onlarni tekshirish kerak. Xarajatlar katta. Hatto, AQSh ham Kanadaga, Germaniya esa Shvesiyaga suv uchun pul to‘laydi. Xo‘sh, nega Qirg‘iziston suv uchun pul olmaydi? Bu xalqaro huquq!", — degan Qidiraliyev.
Bosh vazir o‘rinbosari va qishloq xo‘jaligi vaziri Baqit Torobayev O‘zbekiston va Qozog‘iston Qambar-Ota GESi qurilishiga qiziqish bildirayotganini aytgan. Shuningdek, Kampir-Obod suv ombori O‘zbekiston bilan birgalikda boshqarilishini, boshqa suv omborlar esa Qirg‘iziston tasarrufida ekanini eslatgan.
