Qirg‘izistonda qachon yangi madhiya qabul qilinishi e’lon qilindi
Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasini o‘zgartirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Qirg‘izistonning yangi madhiyasi kelasi yilning aprelidan kechiktirmay qabul qilinishi kerak. Bu haqda Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri (parlament raisi) Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasini o‘zgartirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar beradi Jogorku Keneshning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi.
Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasini o‘zgartirish masalasi keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi.
Kelasi hafta tegishli komissiyalar tuzilishi kerakligi qayd etildi. Shu sanaga qadar keng muhokamalar olib borish va tanlovlar tashkil etish zarurligi qo‘shimcha qilindi.
Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Davlat tili va til siyosati milliy komissiyasi raisi Melis Murataliyevga yangi madhiya matniga alohida e’tibor qaratish topshirildi.
Madhiyani o‘zgartirish tashabbusini parlament raisi Nurlanbek Shakiyev joriy yil oktyabr oyida ilgari surgan edi. Uning taklifini prezident Sadir Japarov ham qo‘llab-quvvatladi.
“Madhiyani ham o‘zgartirsak yaxshi bo‘ladi. Uni yangilashning nimasi yomon? Hozirgi madhiyamiz bundan 33 yil muqaddam, mustaqillik [qo‘lga kiritgan] yillarida yaratilgan... Oradan yuz yil o‘tsa ham, ozodlikka erishdik, mustaqil davlat bo‘ldik, deb kuylayveramizmi?. - degan edi u.
Japarov yoshlar va kelajak avlodni vatanparvarlikka undaydigan, shuningdek, barchani Qirg‘izistonni birlashtirish va asrab-avaylashga chaqiradigan madhiya yaratishni taklif qildi.
“Nega mustaqil davlat ekanligimizni, 5 ming yillik tarixga ega xalq ekanligimizni kuylamas ekanmiz? Albatta, hozirgi madhiyamiz unutilmaydi. Birinchi madhiyamiz sifatida arxivlarda tarix bo‘lib qoladi”, - dedi u.
Qirg‘iziston davlat madhiyasi 1992 yil 18 dekabrda Qirg‘iziston Oliy Kengashining qarori bilan tasdiqlangan. Dastlab u uch misra va naqoratdan iborat edi, biroq Jogorku Keneshning 2012 yil 27 dekabrdagi qarori bilan ikkinchi misra chiqarib tashlandi.