Qirg‘iziston sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov Umra safaridan qaytib keldi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov Umra safaridan qaytib keldi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov Saudiya Arabistoniga uyushtirgan kichik Haj safaridan so‘ng mamlakatga qaytib keldi. Bu haqda Kloop nashri xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Jeenbekov Bishkekka o‘tgan dam olish kunlari (13—14 fevral) qaytib kelgan.

Jeenbekov 2 fevral kuni ertalab kichik Haj (Umra) safari uchun rafiqasi bilan «Manas» xalqaro aeroportidan Istanbulga uchib ketgan, u yerdan esa Saudiya Arabistonining Jidda shahriga parvoz qilgan. Kichik Haj 10 kundan ortiq davom etishi haqida xabar qilingandi.

Qayd etilishicha, Jeenbekov bu sayohatni 2020 yil noyabridan buyon rejalashtirgan. U Umra safarini Saudiya Arabistoni qirolining taklifi bilan amalga oshirdi.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov mamlakatdagi norozilik va siyosiy inqiroz sharoitida iste’foga chiqishini e’lon qilgandi. Jeenbekov o‘zining iste’foga chiqish bayonotida Qirg‘iziston tarixida o‘z xalqiga o‘q otgan va qon to‘kkan prezident sifatida qolishni istamasligini, mamlakat butunligi va jamiyatdagi totuvlik uning uchun hamma narsadan ustun ekanligini aytgandi.

Jeenbekov lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgach, Kanat Isayev avtomatik ravishda Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimini egallagan, biroq yarim kun o‘tib iste’foga chiqqandi. Davlat rahbari vazifasini vaqtinchalik bajarish amaldagi bosh vazir Sadir Japarov zimmasiga o‘tgan.

2021 yil 28 yanvar kuni Sadir Japarov prezidentlik lavozimiga rasman kirishgan.

manba:daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!