Qanaqa mahsiga mash tortish mumkin?

Qanaqa mahsiga mash tortish mumkin?

O‘lkamizga qish fasli kirib kelishi bilan har doimgidek mahsi kabi oyoq kiyimlarga mash tortish masalasi yana ommalashib qoldi. Ma’lumki, shariatimizda bu masala hatto aqiydaviy masalalardan biri darajasiga ko‘tarilgan. Aqidaga doir mo‘’tabar kitoblarda bu masala hatto ahli sunnatni bid’at ahillaridan ajratib turadigan o‘ziga  xos xususiyati ekani aytiladi. Jumladan: “Oyoq kiyimi bo‘lmish mahsi ustidan mash tortishni joiz deb bilamiz” deyiladi. Mahsi haqidagi hadisi shariflar hadis va fiqh kitoblarini to‘ldirgan. 

Ammo...

Fuqaholarimiz har qanday mahsiga ham mash tortavermaslikni tavsiya qiladilar. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ko‘rsatib bergan sunnatlarida buning ham o‘ziga yarasha tartib qoidalari mavjuddir. Islomga umrini tikib qo‘ygan zahmatkash allomalarimiz bu masalalarni allaqachon mukammal darajada izohlab, asarlarining bosh qismi, ya’ni tahorat bobidayoq ko‘rsatib qo‘yganlar. 

Keling, imkon qadar ularning fiqhiy tafsiloti xulosalari bilan tanishib chiqamiz. Demak, ularda aytilishicha, mahsi sifatida tanlangan oyoq kiyimida quyidagi shartlar mujassam bo‘lishi talab etiladi: 

1.  Mazkur oyoq kiyimi tovonidan boshlab oyoqning to‘piq qismini ham qo‘shib yopib turishi kerak. Bu haqida “Al-Lubab” kitobida "...oyoqni to‘piq bilan qo‘shib yopib turgan oyoq kiyimining tag qismi ham poshnalik bo‘lishi zarur. Agar mazkur oyoq kiyimining tag qismi poshnalik bo‘lmay, buning ustiga qalin va pishiq bo‘lmasa, unga ham mash tortib bo‘lmaydi" – deyiladi.

Ulamolarimizning fikricha, mash masalasida, oyoq kiyimining tag qismini poshnalik bo‘lish yo bo‘lmasligi asosiy e’tibor nuqtasi emas. Muhimi ushbu oyoq kiyimining pishiq, choklari mustahkam bo‘lishligi, ichiga suv o‘tkazmasligi, qalin bo‘lib ichi ko‘rinib turmasligi va o‘zini yerga qo‘yilsa, bukilib ketmay tik turishligi talab etiladi.

2. Mazkr oyoq kiyimi bilan 3 mil, ya’ni 5544 metr masofaga safar qilish mumkin bo‘lishi kerak. Ushbu masofa tugamasdan u kiyim yirtilib ketmasligi talab etiladi.  

3. Mazkur oyoq kiyimi aynan teridan tikilishi shart emas. Undan boshqa ashyolardan ham pishiq, ichiga suv o‘tmaydigan darajada mustahkam qilib tikilgan oyoq kiyimlariga mash tortishni ulamolarimiz -shar’an joiz bo‘ladi" - deydilar. 

“Navazil” kitobida "Uch kunlik safarga chidasa mash tortish joiz bo‘ladi" -deyiladi. 

Fuqaholarimiz bayon qilib bergan ushbu fikrlariga kitob va sunnat hamda sahobalarning asarlaridan yetarlicha dalil keltiradilar. Biz bu yerda so‘zimiz cho‘zilib ketishi nuqtai nazaridan mazkur dalillarni keltirib o‘tirmadik.

Sanab o‘tganlarimiz fuqaholarimizning mo‘’tabar kitoblardan olingan fiqhiy xulosalaridir. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlik sohasiga keng yo‘l ochilayotgan bugungi kunimizda biz kimnidir mahsulotini talabga javob beradi yoki bermaydi deyish fikridan yiroqmiz. 

Zotan, bunga haqimiz ham yo‘q, da’vomiz ham! Ammo mahsiga mash tortish masalasi Alloh taolo farz qilgan tahoratda oyoqni yuvish hukmini o‘rniga joriy bo‘lgan hukm ekanini eslatib qo‘ymoqchimiz. Ya’ni siz tahoratda oyoqni yuvishdek qat’iy bir farzni o‘rniga oyog‘ingizga mash tortmoqdasiz. Demak, bu masalada yengil yondashuv mumkin emas. Bu borada kimdir o‘z maxsuoti haqida, ya’ni falon firmaning mahsuloti shariat talablariga to‘liq javob beradi, falon shayxning fatvosi berilgan, - degani bilan yuqorida aytilgan ma’lum bir shar’iy talablarga javob barmasa, unga mash tortish mumkin bo‘lmaydi. Jonimiz va molimizni ehtiyot qilganimizdek, ibodatlarimizni ham ehtiyot qilishimiz kerak.

Manbalar asosida tayyorlandi.

Tohir Vohid


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!