Qadrsizlanayotgan qadriyatlar
Bugun, taassufki, ijtimoiy tarmoqlarda yoxud internet ommaviy axborot vositalarida turli noxush holatlar haqida o‘qiyapmiz. Xususan, hali eskirib ulgurmagan voqea – Xorazmda yarim-yalang‘och qizlarning sumalak pishirishi ham qalbimizga og‘riq solgani tayin. Bu shuni anglatadiki, ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlarimiz, insoniylikka yo‘g‘rilgan odatlarimiz o‘z qadrini yo‘qotib bormoqda.
KO‘ZGUDAGI DOG‘LAR
O‘zbekning o‘z qadriyatlari bor. Milliy urf-odatlarimiz to‘ylarimizda, bazmlarimizda aks etardi. Lekin bugungi kunda “ommaviy madaniyat”ning jirkanch illatlari qadriyatlarimizning o‘rnini “egallamoqda”. Yoshligimizdagi to‘ylar bilan bugungi to‘ylar orasida katta farq bor. Bugun yoshlarimiz Yevropadan kelayotgan zararli voqeliklarni odat tusiga kiritishmoqda. “Love story”, “gorka” kabi uyatli illatlar bir paytlar yetti uxlab tushimizga ham kirmagan. Bugun esa yoshlarimiz bu odatlarni xuddiki oddiy voqelikdek qabul qilishmoqda. Bu juda ham achinarli, albatta. Qadriyatlar millatning ko‘zgusi. Xalq qadriyatlarida o‘z aksini ko‘radi. Afsuski, bugun ana shu ko‘zguga dog‘ tushmoqda. Bu shunday dog‘ki, vaqtida ketkazmasangiz, qalinlashib boraveradi. Bugun ana shu fojia yuz berayotgandek, qadriyatlarimiz ustuni tobora nurab borayotgandek.
SABABI NIMADA?
Tarbiya oiladan boshlanadi. Qadriyatlarimizning qadrsizlanishiga asosiy sabab oilalardagi tarbiyaning “zamonaviylashib” borayotganida. Yoshligimizda bizga “O‘zingdan kattaga joy ber, o‘zingdan kattaga salom ber”, deb uqtirishardi ota-onamiz. Ammo bugun bu pand-nasiham hamma oilada ham yangrayvermaydi. Buning natijasi o‘laroq yoshlar orasida kattalarga hurmat hissi yo‘qolib bormoqda. Jamoat transportlarida yoshi katta ayollaru erkaklarga, hatto homilador ayollarga ham joy berishni o‘ziga “ep ko‘rmaydigan” yoshlarimizni uchratishga odatlanib qoldik.
Yana bir sabab, shak-shubhasiz, xorijiy seriallar. Bugun o‘zbek serialidagi “qaynotaning keliniga tegajog‘lik qilishi”, “ukaning akaning xotiniga ko‘z olaytirishi” va shunga o‘xshash mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan “evropacha” odatlar chet el seriallaridan “o‘rnak olish” natijasidir. O‘z navbatida televizorda xiyonatni, buzuqlikni ko‘ravergan bolaning diydasi qotadi, u uchun bu tushuncha oddiy holatga aylanadi. Qarabsizki, “oila – muqaddas”, “xiyonat oilani buzadi”, “begona ayol nomahram” kabi ota-bobolarimiz kaftida asrab kelgan qadriyatlar yo‘qolib boraveradi. Oddiy misol. Yoshligimizda o‘g‘il bolalar qiz bolalarga “pardasizroq” hazil qilsa, qizlar keskin javob qaytarar, nafratini yashirmasdi. Bugun esa beparda gaplarni odatiy holdek qabul qiladigan qizlar, uyatsiz gaplarni, qiliqlarni oddiy holdek bajaradigan yigitlar istagancha topiladi. Buning oldini olish uchun, avvalo, oiladagi tarbiyani mustahkamlash lozim.
KEYINGI BEKAT – ...
Agar bugungi avlod qadriyatlarimizga nisbatan shunaqa munosabatda bo‘lishda davom etaversa, ertangi kunimiz qanday bo‘lishini tasavvur qilishga ham qo‘rqasan kishi. To‘g‘ri, bu bir qarashda kichik narsadek va hatto bachkana gapdek tuyilar, lekin har qaysi millatning asosiy qudrati, kuchi ma’naviyatidir, ma’naviyat esa milliy qadriyatlari bilan tirik.
Bugun zamon shiddatli, taraqqiyotni istasak-da to‘xtata olmaymiz. Ijobiy jihatlar bilan birga bu rivojlanishning salbiy illatlari ham yetarlicha. Asosiysi, keng ummondan tiniq suv bilan loyqa suvni ajrata bilishdir. Bugun internet bor, bugun telekanallar ko‘p, bugun aloqa vositalari bisyor. Bugun ana shu vositalardan o‘z o‘rnida foydalanib, ma’naviy jihatdan yuksak cho‘qqiga erishish mumkin. O‘z navbatida bugun bu vositalardan noo‘rin foydalanish tubsiz jarlikka yetaklashi ham muqarrar.
Men XXI asr farzandiman, deb ko‘ngliga kelgan ishni qilayotgan, men zamonaviy insonman deb qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlarni bajarayotgan, men erkin shaxsman, 18 yoshdan keyin mustaqilman, deb ota-onasiga gap qaytarib, hatto ularga qo‘l ko‘tarayotgan, demokratiya deb jirkanch ishlardan ham tap tortmayotgan yoshlarga murojaatim shu: vaqtida ko‘zingizni oching! Yon-atrofga qarang, bugun xohish-istaklariga erk bergan yoshlar ertaga nima bo‘lmoqda? Bugun zamonaviy mashhurlik – “layk” uchun hayotini xavf ostiga qo‘yayotganlar nimaga erishmoqda? Yaqinda qaysidir viloyatda yigit qizni o‘ziga turmushga chiqishga majburlab, o‘g‘irlab ketdi. Qiz esa undan amallab qutuldi. Xo‘sh, yigit bu bilan nimaga erishdi? Jazosini oldi, xolos. Bunday beboshliklarning sababi nima? Sababi qadriyatlarga, o‘zligimizga hurmatsizlik. Axir ota-bobolarimiz qiz bolaning sha’nini, iffatini doim asrab kelishgan. Bizning oldimizdagi asosiy vazifa ham shu.
Yoki Toshkentning o‘zida bir necha marta masjidlarda o‘g‘irlik sodir bo‘ldi. Bir paytlar bunday voqealarni eshitsak, hayratdan yoqa ushlardik. Bugun esa taassufki oddiy holdek qarayapmiz. Vaholanki, biz iymoni butun millatmiz. Qadriyatlarimiz ham insoniylikka, iymonga yo‘g‘rilgan. Milliyligimizdan voz kechishning oqibati esa turli jinoyatlarga sabab bo‘lmoqda, yoshlarimizni tubanlik sari yetaklamoqda.
YON-ATROFDA KIMLAR BOR, QARANG...
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning tayanchi sifatida ma’naviyatga, qadriyatlarga urg‘u berganida haq edi. Prezidentning: «Afsuski, hali oramizda milliy g‘oyaning, ma’naviyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmaganlar, ma’naviyat kerakmi-yo‘qmi deb yurganlar ham yo‘q emas”, degan fikrlari zamirida achchiq haqiqat yotibdi. Yon-atrofingizga qarang, oramizda o‘zi ham tushunmaydigan va hatto juda qo‘pol so‘zlar yozilgan liboslarni bemalol kiyib yuradiganlar, tarjimasi juda uyatli bo‘lgan chet el so‘zlarini oddiy so‘zdek ishlatadigan yigitlar va hatto qizlar, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan ayollar, bayramlarda alkogol ichishni odat qilgan qizlar, eng yomoni o‘z farzandini qandaydir pullarga sotib yuborishdan tap tortmaydigan va hatto bola tug‘ib, o‘z bolasini sotishni biznesga aylantirib olgan insonlar ko‘paymoqda.
Keling, yuqoridagi illatlarga qarshi kurashni bugun boshlaylik. Ertaga kech bo‘lishi hech gap emas, negaki shundoq ham anchagina vaqt yo‘qotdik.
Durdona ABDUSAMATOVA,
O‘zMTDP Shayxontohur tuman Kengashi ijrochi kotibi
