Putin Ukraina energetikasi va suv ta’minotiga kuchli zarbalar berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda — New York Times
«New York Times» gazetasi xabar berishicha, Rossiya Ukrainadagi energetika va suv ta’minoti infratuzilmasiga qish mavsumida yanada keng ko‘lamli zarbalar berishni rejalashtirmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin Kiyev, Odessa va Xarkov kabi yirik shaharlarni elektr energiyasi, issiqlik va suv ta’minotidan mahrum qilish orqali ularni yashash uchun deyarli yaroqsiz holga keltirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Rejaga ko‘ra, ayrim shaharlarda elektr ta’minotining 90 foizgacha qismi ishdan chiqarilishi ehtimoli aytilgan.
Hujumlar issiqlik elektr stansiyalari, nasos stansiyalari va qozonxonalar bilan cheklanmasligi mumkin. Rossiya qo‘mondonligi Ukrainadagi atom elektr stansiyalarini ham tarmoqdan uzish maqsadida reaktorlarni elektr tizimi bilan bog‘lab turuvchi taqsimlash qurilmalarini yo‘q qilishni rejalashtirgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Gazetaga ko‘ra, Ukraina energetika vaziri Denis Shmigal ikki hafta avval Parijda Yevropa ittifoqchilariga Rossiyaning ehtimoliy hujum rejalari aks etgan hujjatni taqdim etgan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu hujjat Ukraina tomonidan qo‘lga kiritilgan. Hujjat nusxasi «New York Times» ixtiyoriga ham tushgan.
O‘tgan qishda Ukrainada ko‘plab aholi kuniga 12 soatdan ortiq elektr energiyasiz qolgan. Issiqlik ta’minotidagi uzilishlar, sovuq uylar va suv tanqisligi ayrim hududlarda kundalik muammoga aylangan. Ukraina elektr stansiyalarini ta’mirlash, yangi ob’ektlar qurish va muhim tarmoqlarni himoya qilish uchun yuzlab million yevro sarflagan.
Nashr ta’kidlashicha, Ukrainaga havo mudofaasi raketalari yetishmayapti. Ehtimoliy hujum rejasiga ko‘ra, Rossiya bir vaqtning o‘zida mingtagacha raketa, uchuvchisiz uchish apparatlari va aviasiya bombalaridan foydalanishi mumkin.
Ukrainalik amaldorlar esa keng ko‘lamli hujumlar natijasida suv ta’minoti izdan chiqqan taqdirda, mamlakatda bunday holatning oldini olish yoki uning oqibatlarini yumshatish uchun yetarli zaxira imkoniyatlari mavjud emasligidan xavotir bildirmoqda.
