Putin «General Armageddon»ni qaytarishi mumkin: britanliklar Kiyevga tahdid haqida ogohlantirdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirish uchun «General Armageddon» laqabi bilan tanilgan general Sergey Surovikinni yana muhim lavozimga tayinlashi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniyaning The Telegraph gazetasi xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Surovikin Ukraina infratuzilmasiga, jumladan, Dnepr daryosi ustidan o‘tgan ko‘priklarga zarba berish kampaniyasiga rahbarlik qilishi ehtimoli bor.
Surovikin Suriyadagi harbiy amaliyotlar davomida qo‘llagan shafqatsiz usullari bilan tanilgan. U qo‘mondonlik qilgan Rossiya qo‘shinlari Halab shahrini qamal qilish va bombardimon qilishda ishtirok etgan. Inson huquqlari tashkilotlari Rossiya va Suriya kuchlarini shifoxonalar, maktablar hamda turar joylarga zarba berishda ayblagan.
2022 yilda Surovikin Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan. 2023 yil iyunida Yevgeniy Prigojinning isyonidan keyin u jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan. OAV xabarlariga ko‘ra, keyinchalik general Rossiyaning Afrikadagi harbiy faoliyati bilan shug‘ullangan.
The Telegraph yozishicha, Surovikin Moskvaga qaytgan va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida yana muhim rol o‘ynashi mumkin.
Britaniya nashri, shuningdek, Kiyevdagi Dnepr daryosi ustidan o‘tgan sakkizta ko‘prik ehtimoliy nishonlar qatorida bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Ushbu ko‘priklarning vayron qilinishi poytaxtning ikki qismi o‘rtasidagi transport qatnovini izdan chiqarishi va shahar ta’minotini qiyinlashtirishi mumkin.
Taxmin qilinayotgan bu o‘zgarish Rossiya armiyasining Ukraina sharqidagi sekin siljishi va katta yo‘qotishlar fonida yuz bermoqda. Britan jurnalistlari fikricha, Kreml jang maydonida hal qiluvchi natijaga erishish qiyinlashayotgan bir paytda, infratuzilmaga zarbalar orqali Ukraina aholisiga bosimni kuchaytirishga urinishi mumkin.
