Prezident Administrasiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga qisqarilishi borasida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Administrasiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga, boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish bo‘lishi haqida rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Ta’kidlash joizki, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administrasiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha bo‘lgan barcha idoralarda shtat birliklarini maqbullashtirib borish ishlari bu - doimiy jarayon hisoblanadi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda byudjet mablag‘laridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash.
Bu jarayonning hajmi va ko‘lami qay darajada bo‘lishi, mazkur yo‘nalishda tegishli o‘rganish va tahlillar o‘tkazilganidan keyingina ma’lum bo‘ladi.
Shu sababli, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu mavzuga doir xabarlarni tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘raymiz.