Polshada Gitlerning kitobi bosmadan chiqdi

Polshada Gitlerning kitobi bosmadan chiqdi

Polshada Nasistlar Germaniyasi reyxskansleri Adolf Gitlerning “Mein Kampf” (Mening kurashim) kitobi nashrdan chiqdi. Mazkur kitob 1942 yilda polyak tiliga qilingan tarjima asosida bir guruh olimlarning so‘zboshisi va maxsus izohlari bilan chop etilgan.

Kitobda Ikkinchi jahon urushining kelib chiqishi va 50 milliondan ortiq insonning qurbon bo‘lishi sababchi bo‘lgan fashistlar rahbarining hayot yo‘li, siyosiy qarashlari, maqsad va g‘oyalari o‘z aksini topgan.

“Bu nashr fashistik g‘oyalarni targ‘ib etish maqsadida emas, aksincha, uning qanday yuzaga kelishini ilmiy jihatdan tadqiq etish maqsadida amalga oshirildi, – deydi “Bellona” nashriyoti rahbari Zbignev Chervinskiy. – Albatta, bu kitobning elektron nusxasini internetdan topish qiyin emas. Uni kitob holida chop etishdan maqsad fashistik g‘oyalarning o‘sha paytdagi manzarasini va oqibatlarini ko‘rsatish, shu g‘oyalar tufayli nobud bo‘lgan insonlar xotirasini yod etish, qanday qilib demokratik tizimdan totalitarizmga o‘tib qolish mumkinligini keng jamoatchilikka tushuntirishdan iborat”.

Gitlerning o‘limidan so‘ng ushbu kitob ilk bor 2016 yilda Germaniyada tanqidiy nuqtai nazardan, mamlakatdagi yahudiylar jamoasi rahbariyatining roziligi bilan nashr qilingan. Polshada ham yahudiylar bu kitobni nashr qilishga qarshilik ko‘rsatishmadi.

“Bu kitob Ikkinchi jahon urushi, umuman yovuzlik, razolat, insoniyatga qarshi jinoyatlar tarixini o‘rganishda tadqiqotchilar uchun muhim manba sanaladi, — deydi Polsha bosh ravvini Mixael Shudrix. — Tarixchilar Gitler qanday fikr yuritgani, nimalar deganini bilishlari shart. So‘z har doim ahamiyatga ega. Biz bunga qayta-qayta ishonch hosil qilyapmiz”.

Ikkinchi jahoni urushi davrida Polshada olti million kishi qurbon bo‘lgan. Bu raqam o‘sha paytda mamlakat aholisining beshdan bir qismiga teng edi. Kitobning nashr qilinishiga bir qator antifashist tashkilotlari norozilik bildirishgan. Ammo, noshirlar ilmiy asarlarni chop etishga to‘sqinlik qilish uchun qonuniy asoslar yo‘qligi, kitob keng jamoatchilikka mo‘ljallanmagani, uning narxi ancha qimmat bo‘lgani bois, hamma ham sotib ololmasligini aytishmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!