Pashinyan: «Tramp yo‘li» qurilishi – 2026 yilda boshlanishi mumkin
Armaniston bosh vaziri loyihaga oid bir qator jihatlarga to‘xtaldi.
Armaniston AQSh bilan «Tramp yo‘li» uchun yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha ikki ssenariyni muhokama qilmoqda — 49 yoki 99 yillik. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevandagi mintaqaviy xavfsizlik konferensiyasida ma’lum qildi. Uning so‘zlarini mahalliy OAV tarqatgan.
Eslatib o‘tamiz, taklif qilinayotgan yo‘l Armanistonning Syunik provinsiyasi orqali o‘tadi. U Ozarboyjonni uning eksklavi — Naxchavan Avtonom Respublikasi bilan bog‘laydi.
Ilgari 8 avgust kuni Vashingtonda imzolangan deklarasiyada ijara muddati 99 yil deb ko‘rsatilgan edi.
Armaniston bosh vaziri muddatlar investisiyalar va ularning qaytarilishi bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «investor o‘z sarmoyasini muayyan foyda bilan qaytarib olish kafolatiga ega bo‘lishi kerak».
Pashinyan loyiha doirasida temir yo‘l marshrutiga oid o‘z qarashlarini ham taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l Ozarboyjondan Megriga, so‘ngra Naxchavonga, undan Yerasxqa va Turkiya chegarasi — Axurikagacha o‘tishi kerak.
«Faqat kichik bir uchastka qoldi, uni tiklash talab etiladi va biz bu ishni boshladik», — dedi Pashinyan. Shuningdek, u Ozarboyjonda Karsni Naxchavon bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishi boshlanganini qo‘shib o‘tdi.
«Vashington tinchlik sammiti milliardlab sarmoyadan tejash imkonini beradi, chunki shu yo‘l Axurik–Erasx liniyasi orqali ham ta’minlanishi mumkin. Albatta, biz bu yo‘nalishda ishlayapmiz», — dedi Armaniston bosh vaziri.
Pashinyan jarayonda AQSh prezidenti Donald Trampning roliga yana e’tibor qaratdi.
«Ha, oldingi davrda armyan-ozarboyjon tinchlik jarayoni ijobiy dinamika ko‘rsatgan, lekin aniq qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Kelishuvga erishishda Trampning shaxsiy ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.
Bizning grafik: yil oxirigacha yuridik masalalarni yakunlash va matnni aniq shaklga keltirish; 2026 yilning birinchi yarmida kelishuvdan kelib chiqadigan barcha qarorlarni qabul qilish; 2026 yilning ikkinchi yarmida qurilish ishlarini boshlash.
Loyihani amalga oshirishga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi, chunki barcha bahsli masalalar Vashington deklarasiyasida aks ettirilgan. Bizga faqat kelishuvni bajarish qoladi», — dedi Armaniston bosh vaziri.
