Ozodbek Nazarbekov Yulduz Usmonova tufayli sahnadan ketganmi? (video)

Ozodbek Nazarbekov Yulduz Usmonova tufayli sahnadan ketganmi? (video)

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov «Daryo» internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Ozodbek Nazarbekov 2017 yilda konsert bermasligini e’lon qilganida, muxlislar orasida «Ozodbek Nazarbekov konsert faoliyatini yakunlashiga Yulduz Usmonovaning sahnaga qaytishi sabab bo‘ldi», mazmunidagi gap-so‘zlar tarqaldi.

Suhbat davomida Ozodbek Nazarbekov ushbu savolga batafsil javob berdi.

San’atsevar xalqimiz uchun Yulduz Usmonovaning sahnaga qaytishi juda katta bo‘shliqni to‘ldirganini e’tirof etishim mumkin. Lekin konsertni to‘xtatishimga Yulduz Usmonovaning aloqasi yo‘q. O‘zi umuman bu hodisani Yulduz Usmonovaning sahnaga qaytishi bilan bog‘lash juda ham noo‘rin bo‘lsa kerak. 2017 yilda Xalqlar do‘stligi san’at saroyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan konsert kunlarimni o‘z ixtiyorim bilan Yulduz Usmonovaga taqdim etganman.

Ushbu yil hali Madaniyat vazirligida lavozimga tayinlanishim yoki ‘Yoshlar’ teleradiokanaliga direktor bo‘lishim haqida ham gap-so‘z yo‘q edi. Asosan bahor oyida konsert kunlarini band qilar edik. O‘sha yilda shunchaki sahnaning munosib egasi qaytganligi, men ham konsert faoliyatimni shu yilda to‘xtatsam, muxlislar uchun juda katta bir o‘zgarish bo‘lmasligi, o‘sha bo‘shliqni Yulduz Usmonova bemalol, ortig‘i bilan to‘ldirishi mumkinligini o‘ylagan holda, o‘zim qaror qilganman. 2017 yilda dam olish maqsadi bo‘lgan, bu degani ‘konsert faoliyatimni butunlay to‘xtataman, bundan keyin umuman konsert bermayman’, degan maqsad bo‘lmagan.

Konsert dasturini tashkil qilib yurganlar meni juda yaxshi tushunishadi, bu jarayon juda katta, mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Buning mas’uliyati juda ham og‘ir. To‘g‘risi mana shu katta mashaqqatli mehnatdan bir yil bo‘lsa ham dam olish ma’nosida shu qarorni qabul qilgan edim. Bu orada keyin konsert bermadim, keyinroq mas’uliyatli ishlar bilan imkon ham bo‘lmadi.

Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!