Ozarbayjon bilan iqtisodiy sheriklik qaysi sohalarda rivojlanishi ma’lum bo‘ldi

Ozarbayjon bilan iqtisodiy sheriklik qaysi sohalarda rivojlanishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston va Ozarbayjon vazirlari iqtisodiy sherikligini chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilishdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon investisiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtiradi.

Ushbu masalalar O‘zbekiston investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muhokama qilindi. Unda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham qatnashdi.

Investisiyaviy hamkorlik va sanoat kooperasiyasi sohasi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda ta’kidlanishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 238 ta, Ozarbayjonda esa 53 ta O‘zbekiston kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ikki mamlakat hududlarida qo‘shma korxonalarni muvaffaqiyatli tashkil qilish bo‘yicha to‘plangan tajriba asosida to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, oziq-ovqat, kimyo va ipakchilik, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qo‘shma investisiya loyihalari sonini ko‘paytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

O‘zaro savdo. Uchrashuvda ma’lum qilinishiga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston-Ozarbayjon savdo aylanmasining hajmi 40 %dan oshgan. 2022 yilning yanvar – iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar ko‘paygani qayd etilgan.

Neft-kimyo, kimyo va elektrotexnika mahsulotlari, qora va rangli metall buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, asbob-uskunalar va to‘qimachilik mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Transport va logistika sohasida ham birgalikda salmoqli natijalarga erishildi. Joriy yil oxiriga qadar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida yuk tashish hajmining o‘sishi 40 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shu nuqtai nazardan, ikki davlatni bog‘laydigan logistika yo‘nalishlarini kengaytirish, o‘zaro va tranzit yuk tashishni ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlik yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitimni imzolash istiqbollari qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 21-22 iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan. Bu Ozarbayjon prezidentning so‘nggi 11 yil davomida O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!