Ota o‘z farzandiga buyragini berdi

Guliston tibbiyot klasterining Nefrologiya va gemodializ bo‘limida buyrak yetishmovchiligi kasalligi bois gemodializ muolajasini olib kelayotgan Kim Olegda buyrak bilan bog‘liq, buyrak transplantasiyasi amaliyoti o‘tkazildi.
– O‘g‘lim yigirma ikki yoshga kirdi. – deydi Guliston tumanining Beshbuloq mahallasida istiqomat qilayotgan Ro‘zigul Ziyaddinova. – Orzulari bir olam edi. Ammo buyrak bilan bog‘liq xastalik tufayli mana sakkiz yildan beri farzandim Guliston tibbiyot klasterining Nefrologiya va gemodializ bo‘limida davolanib keladi. O‘tgan yillar davomida nelar bo‘lmadi deysiz. Goho farzandimni ko‘tarib, goho aravachada, qishni qish, yozni yoz demay gemodializ muolajasiga olib kelardik. Bu nafaqat farzandimga, uning uchun yaratgandan shifo so‘ragan ota-ona va uning jigarlari uchun oson bo‘lmadi.
Tibbiyotimizdagi islohotlar sabab Oleg Kim gemodializ muolajasidan qutiladigan bo‘ldi. Unga otasi Kim Arkadiy bir buyragini berdi. Mazkur amaliyot Guliston tibbiyot klasterida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qon tomir xirurgiya, buyrak transplantasiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Akram Ahmedov, mazkur markaz vrach-xirurgi, tibbiyot fanlari nomzodi Oybek Toirov hamda Guliston tibbiyot klasteri xirurgi Sherzod Toshmamatov boshchiligidagi sirdaryolik tibbiyot xodimlari tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.
Barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab berildi. Ayni vaqtda bemor va uning otasi Guliston tibbiyot klasterida shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.