«Operasiya uchun bir tiyin ham bermas emish»

«Operasiya uchun bir tiyin ham bermas emish»

– Bir nafar farzandim uchun aliment olaman. Kichikligidan tez-tez kasal bo‘lib turadi. Shifokorlar «anginasini oldirish kerak», deyishdi. Lekin bu qimmat operasiya ekan. Otasidan yordam so‘raganimda, bir tiyin ham bermasligini aytdi. Eshitishimcha, bolani davolatish uchun pulni sud orqali olsa bo‘larkan. Shu haqda so‘ramoqchi edim.
Ismi sir tutildi.

Muqaddam GULAMOVA, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi:
— Oila kodeksining 103-moddasiga ko‘ra, ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Bu borada Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 2016 yil 29 iyuldagi 11-son qarorida, bolaning ta’minoti uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish masalasini hal etishda, Oila kodeksining 103-moddasida qayd etilgan qo‘shimcha xarajat qanday favqulodda holatlar (bolalarning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar)da kelib chiqqanligini hamda bu bola ta’minoti uchun zarurligini ko‘rsatishi va ularning oilaviy va (yoki) moddiy ahvolini hisobga olib, qisman pul bilan to‘lanadigan qo‘shimcha xarajatlarning qat’iy miqdorini aniqlanishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Yuqorida bayon qilinganlarga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, bolaning ta’minoti uchun qilinadigan qo‘shimcha xarajatlarni undirish masalasida da’vo ariza bilan da’vogarning yoki javobgarning turar joyi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish lozim bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!